O‘zbekistonda yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochildi
Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” pudratchilar xizmatlari narxlarini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.
Joriy yil 30-yanvar kuni boʻlib oʻtgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirib, zaxiralarni koʻpaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.
23-fevral kuni davlat rahbariga bu boradagi ishlarning borishi haqida axborot berildi. Xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta koʻrib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar va materiallar narxlari va pudrat ishlari boʻyicha narxlarni qayta koʻrib chiqish, kredit portfelini tartibga solish boshlandi. Sohaga oid boʻlmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, debitor qarzdorlikni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, 2026-2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangan. Shuningdek, joriy yil yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgan.
Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit oʻtkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ