O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar mezonlari belgilandi
Yangi maqom moliya sektori va fond bozorida faoliyat yurituvchi biznes subyektlarini qamrab oladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar (IAT) uchun talab va mezonlarni belgilovchi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning qo‘shma qarorida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, IAT maqomi mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan kompaniyalar uchun joriy etiladi. Bunday tashkilotlar uchun moliyaviy shaffoflik va korporativ boshqaruv bo‘yicha kuchaytirilgan talablar belgilanadi.
IAT ro‘yxatiga kimlar kiritiladi
Quyidagi toifadagi tashkilotlar reyestrga avtomatik tarzda kiritiladi:
- Fond bozori ishtirokchilari — qimmatli qog‘ozlari birja kotirovka ro‘yxatida joylashgan va erkin savdoda bo‘lgan kompaniyalar;
- Moliyaviy institutlar — tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari, to‘lov tizimlari va servislar, faktoring kompaniyalari;
- Investitsiya sektori subyektlari — investitsiya fondlari, fond birjalari va ipotekani qayta moliyalashtirish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar.
Xususiy sektorning boshqa vakillari uchun miqdoriy mezonlar joriy etilgan. Tashkilot ketma-ket ikki yil davomida bir vaqtning o‘zida quyidagi uch shartga javob bersa, ijtimoiy ahamiyatga ega deb e’tirof etiladi:
- aktivlar balans qiymati 1 mln BHMdan (412 mlrd so‘m) yuqori bo‘lishi;
- sof tushum hajmi 1 mln BHMdan oshishi;
- xodimlar soni 500 nafardan ko‘p bo‘lishi.
Davlat korxonalari esa aktivlari, tushumlari yoki to‘langan dividendlari 1 mln BHMdan oshgan taqdirda reyestrga kiritiladi.
Hisobot va oshkoralik talablari
Ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar reyestri har yili 1-iyulgacha hukumat portalida yangilanadi. Banklar va to‘lov tashkilotlari ustidan nazoratni Markaziy bank, boshqa kompaniyalar ustidan esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi amalga oshiradi.
Reyestrga kiritilgan tashkilotlar keyingi yildan boshlab buxgalteriya hisobini Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS) asosida yuritishi shart bo‘ladi. Moliyaviy hisobotlar va auditorlik xulosalari hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyuniga qadar ommaviy e’lon qilinadi.
2027-yildan boshlab ushbu tashkilotlar uchun barqaror rivojlanish bo‘yicha qo‘shimcha axborotlarni oshkor etish talablari ham joriy etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ