Haydovchilar soni cheklanmagan sug‘urta polisi rasmiylashtirishga ruxsat berildi
Shuningdek, elektron tijorat operatorlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etildi
Фото: «РИА Новости»
Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi normalarga ko‘ra, transport vositasi egasi avtomobilni haydovchilar soni cheklanmagan holda boshqarish uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasini tuzish huquqiga ega bo‘ldi.
Bunda haydovchilar soni cheklanmagan tarzda rasmiylashtirilgan majburiy sug‘urta shartnomasida transport vositasi mulkdori, uning yaqin qarindoshlari va avtomobil egasi alohida ko‘rsatilmaydi.
Shuningdek, haydovchilarga sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta tovonini undirish uchun aybdor tomon sug‘urtalovchisiga bevosita murojaat qilish imkoniyati berildi. Endilikda ular sug‘urta hodisasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish haqidagi ariza o‘rniga sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risidagi ariza bilan aybdor tomon sug‘urtalovchisiga murojaat qilishi mumkin. Mazkur ariza sug‘urta kompaniyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
Qonun bilan yana bir muhim norma joriy etildi. Unga ko‘ra, hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy sug‘urtalanadigan shaxslarni bir vaqtning o‘zida budjet mablag‘lari hisobidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalash taqiqlanadi.
Bundan tashqari, elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlashi yoki tugatishi haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ