Raqobat qo‘mitasi tomonidan “GURLAN GLOBAL TEKS” ga monopoliya harakatlarini sodir etgani uchun ish qo‘zg‘atildi
7 ta holatda korxona mahsulotlari narxi oshirilib, jami 173 mlnlik farq sezilgan
“GURLAN GLOBAL TEKS” MCHJ 2023-yildan 2024-yil 1-avgustgacha 54 holatda 3 778 tonna paxta tolasi, lint, paxta yog‘i va sheluxa mahsulotlarini 55,9 mlrd so‘mga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotganligi aniqlandi. Bu Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyatidagi hududiy boshqarmasi o‘tkazgan monitoringda ma’lum bo‘ldi.
Ushbu mahsulotlarni 2023-2024 yillardagi birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda 7 ta holatda mahsulot narxlarini yuqori qo‘llash natijasida jami 173 mln so‘mga yaqin miqdorda farq sezilgan.
Klaster korxonasi 2023-yildan 2024-yil 1-avgustgacha 45 holatda 3 407 tonna paxta tolasi va lint mahsulotlarini birja kotirovka narxlariga qaraganda arzonroq narxlarda sotib, jami 5,5 mlrd so‘m zarar yetkazgan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Xorazm viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “GURLAN GLOBAL TEKS” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ