“G‘ishtko‘prik” chegara postida avtomobillar uchun “yashil” va “qizil” yo‘laklar joriy etiladi
Postga o‘rnatilgan Z portal skaneriorqali kuniga 1,5 mingdan ortiq mashina va 50 ming yo‘lovchi tezkor o‘tishi mumkin
Foto: Bojxona Qo’mitasi
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida joylashgan “G‘ishtko‘prik” (Chernyayevka) chegara bojxona postida avtomobillar uchun “yashil” va “qizil” yo‘laklar joriy etiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
17-noyabr kuni Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida davom etayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Xabarga ko‘ra, endi 9 gektar maydonni egallagan ushbu post nafaqat raqamlashtirilgan, balki aqlli bojxona posti darajasiga ko‘tariladi.
Oldin faqat jismoniy shaxslar uchun qo‘llanilgan ikki yo‘lakli tizim — “yashil” va “qizil” koridorlar — ilk bor yengil avtomobillar harakati uchun ham joriy qilinadi. Buning uchun Markaziy Osiyoda ilk marta aynan ushbu postga yengil transport vositalari uchun mo‘ljallangan Z portal skanerlash tizimi o‘rnatildi.
Navbatlarning oldini olish maqsadida postda 16 ta avtomobil yo‘lagi qurildi, avtobuslar esa alohida yo‘laklardan harakatlanadi. Natijada har kuni 1500 dan ortiq avtomobil va 50 mingdan ziyod yo‘lovchi postdan erkin o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ