O’zbekiston eksportga nisbatan 3,5 baravar ko‘proq gaz import qildi

Besh oyda tabiiy gaz importi 84% ga oshib $724,7 mlnga yetdi, eksport esa qariyb 30% ga qisqardi

O’zbekiston eksportga nisbatan 3,5 baravar ko‘proq gaz import qildi

2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston tabiiy gaz importini keskin oshirdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida mamlakat $724,7 mlnlik tabiiy gaz import qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 84,1% ga ko‘p.

Shu tariqa, besh oy yakunida gaz importi eksportdan qariyb 3,5 baravar yuqori bo‘ldi.

Import tarkibida $68,2 mln suyultirilgan gaz (propan) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Uning importi bir yil avvalgiga nisbatan 3,3 baravar oshgan.

Yil boshida gaz importi yuqori sur’atlarda boshlangan. Yanvarda import hajmi $167,6 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, fevralda $34,6 mlngacha kamaygan. Mart oyida ko‘rsatkich yana $158,3 mlnga, aprelda $147,8 mlnga yetgan. May oyida esa import hajmi yil boshidan buyon eng yuqori darajaga chiqib, $216,4 mlnni tashkil qilgan.

Shu bilan birga, tabiiy gaz eksporti kamayishda davom etgan. Yanvar–may oylarida eksport 29,6% ga qisqarib, $202,9 mlnni tashkil etdi.

Yanvar oyida gaz eksporti umuman amalga oshirilmagan. Yetkazib berish fevral oyida $7,1 mln bilan qayta tiklangan. Martda eksport hajmi $29,4 mlnga, aprelda $92,7 mlnga oshgan. May oyida esa ko‘rsatkich biroz pasayib, $73,5 mlnni tashkil etgan.

Biroq O‘zbekiston eksporti bo‘yicha Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi statistikasi bilan mos kelmaydi.

Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston Xitoyga 139,6 mln dollarlik gaz eksport qilgan. Bu Milliy statistika qo‘mitasi keltirgan ko‘rsatkichdan $76,8 mlndan ko‘proq farq qiladi.

Shuningdek, Xitoy statistikasi may oyida O‘zbekistondan gaz importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,08 baravar oshib, $93,59 mlnni tashkil etganini ko‘rsatadi.

Xitoyga gaz eksport qiluvchi davlatlar orasida Rossiya $3,8 mlrd bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Turkmaniston ($3,32 mlrd), Myanma ($624,4 mln), Qozog‘iston ($309,4 mln) va O‘zbekiston ($139,6 mln) qayd etilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Oliy sud Plenumi majlisi tarixda ilk bor onlayn efirda namoyish etildi
/
Oliy sud Plenumi majlisi tarixda ilk bor onlayn efirda namoyish etildi
Birjada AI-92 benzini narxi tarixdagi eng yuqori darajaga chiqdi
/
Birjada AI-92 benzini narxi tarixdagi eng yuqori darajaga chiqdi
Valyutadagi obligatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi banklar tayinlandi
/
Valyutadagi obligatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi banklar tayinlandi