Gaz tarmog‘i yetib bormagan 2 mingta mahalla uchun elektr tariflari qayta ko‘rib chiqiladi

Energetika vaziri elektr energiyasini individual tariflash tizimi joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida ma'lum qildi

Gaz tarmog‘i yetib bormagan 2 mingta mahalla uchun elektr tariflari qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonda tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlar uchun elektr energiyasi tariflarini o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev xabar berdi.

Vazirning aytishicha, prezident topshirig‘iga ko‘ra, gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan hududlarning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, elektr energiyasi tariflarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, hozirda qariyb 2 mingta mahallaga tabiiy gaz yetib bormagan. Ushbu hududlarda yashovchi aholi uylarini elektr energiyasi yordamida isitishga majbur bo‘lsa-da, buning uchun hech qanday chegirma olmayapti va elektr energiyasi uchun to‘liq tarif bo‘yicha haq to‘lamoqda.

Shu munosabat bilan energiya resurslari bilan ta’minlanganlik darajasi, hududning xususiyati hamda ko‘p qavatli yoki yakka tartibdagi uy-joy ekani inobatga olinadigan individual tariflash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Energetika vazirining ta’kidlashicha, tabiiy gaz tarmog‘i mavjud bo‘lmagan va elektr energiyasidan isitish maqsadida foydalanayotgan iste’molchilar elektr energiyasi uchun chegirma olish huquqiga ega bo‘lishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Yangiyo‘l tumanini elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy hududga aylantirish hamda bu tajribani respublikaning barcha tuman va shaharlarida joriy etish vazifasi belgilangandi.

Buning uchun Yangiyo‘l tumani aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha maxsus shtab tuzilgan. Unga energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev rahbar etib tayinlangan, tuman hokimi San’at Jumaniyozov esa uning o‘rinbosari bo‘lgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent markazida 5 ta ko‘p qavatli bino ruxsatsiz qurilgani aniqlandi
/
Toshkent markazida 5 ta ko‘p qavatli bino ruxsatsiz qurilgani aniqlandi
UzNIFning sof foydasi 2 trln so‘mga yetdi
/
UzNIFning sof foydasi 2 trln so‘mga yetdi
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston banklari qancha daromad oldi
/
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston banklari qancha daromad oldi