“O‘zenergoinspeksiya” gaz quyish shoxobchalari haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
“Carvon” AYQShda AI-80 benzini AI-92 deb sotilmagan
12-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda havo sovishi natijasida gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida ba’zi holatlar yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, navbatlar va navbatsiz kirishlar sodir bo‘lgani, shuningdek, “Carvon” (sobiq “UNG Petro”) tarmog‘idagi AYQShlarda avtobenzin narxi oshgani va AI-80 benzini AI-92 deb sotilayotgani haqida aytilgan. “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Unda inspeksiya tomonidan o‘z vakolati doirasida mamlakat bo‘yicha barcha turdagi yoqilg‘i-energiya resurslarining iste’molchilarga yetkazilishi tizimli nazoratga olingani, muntazam kunlik nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinayotgani ta’kidlangan.
Ob-havoning keskin sovib ketgan davrlarida gaz transport tizimida bosimni ushlab turish maqsadida, tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish, gaz quvurlari va qurilmalaridagi bosim me’yor darajasiga ko‘tarilganidan so‘ng esa, bosqichma-bosqich AGTKShlarga ham to‘liq yetkazib berish belgilangan.
9−12 fevral kunlari mamlakatning barcha hududlarida havo haroratining keskin sovib ketishi natijasida tabiiy gazga ehtiyoj ortganligi sababli mahalliy hokimliklar tomonidan kiritilgan grafiklarga asosan AGTKShlarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtinchalik qisqartirilgan.
Bundan tashqari, “O‘zenergoinspeksiya” murojaat asosida navbatsiz kirish holatlarini joyiga chiqqan holda o‘rgangan. Mamlakat bo‘yicha 68 ta metan “zapravka”da tezkor olib borilgan tadbirlarda navbatsiz kirishlar aniqlanmagan. “Barcha AGTKShlarda kirish-chiqishni tartibga solish uchun ichki ishlar xodimlari faoliyat olib borayotganligining guvohi bo‘lindi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Carvon” AYQShlar tarmog‘iga qarashli Toshkentdagi 5 ta “zapravka” misolida sotilayotgan avtobenzinning narxi va sifati inspeksiya mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Xususan, AI-92 avtobenzini namunalari tahlil qilinib, ularning sifati buzilmagani aniqlandi. Bu markadagi benzinning 1 litr narxi 10 700 so‘m ekanligi ma’lum bo‘lgan.
O‘rganishlar natijasida “Carvon” ga qarashli AYQShlarda AI-80 benzini mavjud emasligi, faqat AI-92 va AI-95 markali avtobenzinlari sotilayotganligi aniqlangan. Yuk hujjatlari o‘rganilganida bu mahsulotlar Rossiyada ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.
2025-yilning o‘tgan davrida “O‘zenergoinspeksiya”ning Toshkent Markaziy nazorat kimyo laboratoriyasi tomonidan “Carvon”ga qarashli 15 ta AYQShda sotilayotgan benzinlarning sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha 39 ta namunalar tahlil qilinib, ijobiy natija olingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ