Energetika sohasida 2,3 ming megavatt quvvatga stansiyalar ishga tushirilmoqda
Shuningdek, qiymati $3,5 mlrd bo‘lgan 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda
Фото: Пресс-служба президента
Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilmoqda. Bu haqida Prezident Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida gapirdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida qiymati $3,7 mlrdlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.
Shuningdek, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.
Bundan tashqari, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati $3,5 mlrd bo‘lgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.
Bugun ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 mlrd kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 mld kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 mln tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi.
Eng muhimi – 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi.
Umuman olganda, kelgusi yili jami 84 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu – 2016-yilga nisbatan 25 mlrd kilovatt-soat yoki 1,5 barobar ko‘p deganidir.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ