O‘zbekistonda elektrotexnika sanoati ishlab chiqarishini 2030-yilgacha $11 mlrdga yetkaziladi
Tarmoq eksportini $5 mlrdga yetkazish va unga $3 mlrd investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda
Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, elektrotexnika tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trln so‘mdan 43,1 trln so‘mga yetgan. Eksport hajmi $1 mlrddan oshgan bo‘lib, mahalliy mahsulotlar 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.
Tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ham ortmoqda. Jumladan, misdan tayyorlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish ko‘paygan, past qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi kamaygan.
Maishiy texnikaga ichki talabning 80%i mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika mahsulotlarining 30%i eksport qilinmoqda.
Shuningdek, quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar va issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilgan.
2026-yilning dastlabki yetti oyida tarmoqda 30 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, $706 mlnlik eksport amalga oshirilgan. Shu davrda $148 mlnlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratilgan.
Yil yakunigacha 51 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksport hajmini $1,6 mlrdga yetkazish hamda $420 mlnlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.
2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmini $11 mlrdga, eksportni $5 mlrdga yetkazish va sohaga $3 mlrd investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, misga qo‘shilgan qiymatni 35% gacha oshirish maqsad qilingan.
Buning uchun O‘zbekistonda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjudligi qayd etildi. Hozir yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda. Yangi quvvatlar ishga tushirilishi bilan bu ko‘rsatkichni 300 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 15 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga $500 mlnlik buyurtma bozorini shakllantirishi kutilmoqda.
Taqdimotda tarmoq korxonalarining aylanma mablag‘ uchun kredit olishda garov ta’minoti yetishmasligi, mis xomashyosini birja orqali xarid qilish uchun moliyaviy instrumentlarni kengaytirish va yirik xalqaro brendlarni jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari taklif qilindi. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25%ini korxonalar, qolgan 75% ini “O‘zsanoateksport” AJ amalga oshiradi. Korxonalar ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6% gacha bo‘lgan stavkada qaytaradi. Buning uchun $50 mln resurs yo‘naltiriladi.
Kreditlar bo‘yicha eksport shartnomalari va sug‘urta polislari kabi boshqa ta’minot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismi uch yil davomida qoplab beriladi.
Kamida $50 mln sarmoya kiritadigan yirik xalqaro brend kompaniyalariga soliq imtiyozlari berilib, ularga zarur infratuzilmaga ega tayyor binolar taklif etiladi.
Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlarini 2030-yilgacha uzaytirish, shuningdek, tarmoq bilan bog‘liq mahalliy sanoat korxonalarini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.
Eksportni kengaytirish uchun xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqish jarayonlarini yengillashtirish choralari ko‘riladi. Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Tarmoqda innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish maqsadida To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi. Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, mahalliylashtirish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Prezident mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulot va materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ