Elektromobil quvvatlagichlari uchun tadbirkorlarga 10% gacha imtiyozli kreditlar joriy qilinishi mumkin
Yer narxi 50%ga arzonlashtirilib, EV-Power yagona tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmalari tarmog‘ini kengaytirish maqsadida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, elektrozapravkalar qurish uchun 10% yillik stavkada maqsadli kreditlar ajratiladi. Dastur uchun mablag‘lar xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit liniyalari orqali jalb etiladi.
Shuningdek, yer uchastkalarini ajratish shartlari yengillashtiriladi. Elektrozapravkalar uchun auksionlarda boshlang‘ich narx 50%ga kamaytiriladi. Shu bilan birga, shahar markazlarida stansiyalar zichligini cheklash orqali elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama tushishining oldi olinadi.
Sohani boshqarish uchun EV-Power yagona raqamli platformasi yaratiladi. U 2026-yil 1-avgustgacha Toshkentda sinovdan o‘tkazilib, 1-dekabrdan boshlab butun respublika bo‘ylab joriy etiladi. Platforma orqali stansiyalar quvvati monitoring qilinadi, pik soatlarda iste’mol cheklanadi va ulanish nuqtalari haqida ma’lumot beriladi.
Yangi talablarga ko‘ra, zaryadlash stansiyalari avtomobil yo‘llari bo‘ylab — har 20 kilometrda 5 tagacha joylashtiriladi, shuningdek, mavjud AYoQSh va AGTKShlar yaqinida ham tashkil etiladi. Uskunalar har ikki yilda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi.
Bundan tashqari, aholiga ham qo‘shimcha rag‘batlar joriy etiladi. 2026-yil 1-maydan elektromobil egalari uchun 1 kVt⋅soat elektr narxi 300 so‘mdan oshgan qismi bo‘yicha kompensatsiya qaytarib beriladi. Ushbu to‘lovlar 2030-yilgacha Soliq ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ