Bojxona qo’mitasi aeroportda UzIMEI bilan bog’liq masala yuzasidan fikr bildirdi
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar mamlakatga kelganda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirishlari shart
2025-yil 20-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida yo‘lovchilar o‘zlari bilan olib kelgan mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda navbatlar yuzaga kelgani haqida xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Bojxona qo’mitasi Raisining matbuot kotibi munosabat bildirdi.
Aytilishicha, mazkur masalada Bojxona qo‘mitasining Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish hamda Axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmalari, “Toshkent-Aero” IBK mutasaddilari vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganishdi. Jarayonga O‘zbekiston telekommunikatsiyalari tarmoqlarini boshqarish respublika markazi (tizim operatori) vakillari ham jalb etilgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-oktabrdagi 563-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlaridan qat’iy nazar, mobil qurilmalarning o‘ziga xos identifikatsiya kodlari (IMEI kodi) ko‘rsatilgan holda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldiriladi.
Ushbu deklaratsiya mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda asos hisoblanadi. Buning uchun mazkur tizim Bojxona qo‘mitasining Ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan.
Havo yo‘llari orqali harakatlanayotgan fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida aeroportning o‘zida yo‘lovchilar tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari asosida mobil qurilmalarni UzIMEI operatorlari tomonidan tizimda ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgan.
Navbatlarning oldini olish maqsadida ushbu jarayonga jalb qilingan xodimlar va operatorlar soni oshirildi.
Bojxona qo‘mitasining Ma’lumotlar bazasi va UzIMEI tizimi integratsiyasida ham qator texnik choralar amalga oshirilib, o‘zaro axborotlar almashinuvining yanada tezlashuviga erishildi.
Bojxona qo’mitasi, shuningdek, yo‘lovchilar mobil qurilmalarni bevosita aeroportning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazishlari majburiy emasligini qayd etgan.
Mobil qurilmalar olib kelinganda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida yo‘lovchilar mobil qurilmalarni O‘zbekistonga kirib kelganlaridan so‘ng 30 kun, chet elliklar esa 60 kun davomida o‘zlariga qulay fursatda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.
Shuningdek, kelgusida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun mobil ilovalar ishlab chiqish ustida ham ishlar boshlab yuborilgan.
Yaqin kunlarda deklaratsiyani onlayn to‘ldirish test rejimida ishga tushiriladi, xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallariga deklaratsiyani onlayn to‘ldirishga mo‘ljallangan infokiosklar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ