Mamlakatda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish 2 yillab vaqt olayotgani aytildi
Savdo sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov bu e’tirozni joyida qabul qildi

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqotda 30-yildan beri bozorda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlardan biri o‘zining muammosini ochiq bayon qildi.
Uning fikricha, so‘nggi 5-7-yilda soha jiddiy inqirozga yuz tutgan. Ilgari 130 kishi ishlagan korxonasida hozir atigi 20 nafar ishchi qolgan. Asosiy muammo — yangi dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining cho‘zilishi. Qonun bo‘yicha 155 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘lgan preparatlar, amalda 2 yillab kutilyapti.
Farmatsevtikadagi muammo faqat moliyaviy emas, balki tizimli ham. Ishlab chiqarishga tayyor korxona ish boshlay olmayotgan bo‘lsa, bu sohaga investitsiya kiritishga ham asos qolmaydi.
Savdo sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ham tadbirkorning e’tirozini joyida qabul qildi.
Uning ta’kidlashicha: Agar biz tadbirkorlarga amaliy yordam bermasak, $500 mlnlik ishlab chiqarish hajmi xavf ostida qolishi mumkin.
Kapital.uz avvalroq ayni shu muloqotda bojxonada qoldirilgan avtomobillarni qayta rasmiylashtirilishi taklif qilingani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ