“Davr bank” kreditlarni noto’g’ri reklama qilgani uchun jarimaga tortildi
Raqobat qo'mitasi kreditlar to’g’risidagi tashqi reklamada shartlarni yashirish holatini aniqladi
Raqobat qo‘mitasi “Davr bank” ATB tomonidan eʼlon qilingan tashqi reklamalarda “Davr mobile ilovasida 50 000 000 so‘mgacha onlayn mikrokredit” mazmunidagi reklama axboroti yuzasidan o’rganish ishlari olib bordi.
Natijada, bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, mikroqarz istalgan maqsadlarda foydalanish uchun ajratilishi, “Davr mobile” ilovasi orqali rasmiylashtirilishi, qarz oluvchi kamida oxirgi 6 oy davomida doimiy ish joyiga hamda oylik daromadga ega bo‘lgan bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, mikroqarz muddati – 60 oygacha, foiz stavkasi – 43,00%, qarz miqdori – 50,0 mln so‘m etib belgilanganligi aniqlangan.
Shu bilan birga, Toshkent shahrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida “Tadbirkorlar uchun 5 milliard so‘mgacha kredit, 24 %dan” mazmunidagi reklamalar joylashtirilgan. Ammo, qo‘shimcha shartlar va muhim maʼlumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, kredit haqidagi quyidagi ma’lumotlar ko’rsatilgan:
- asosiy vositalarni sotib olish uchun;
- muddati – 60 oygacha;
- foiz stavkasi – 32,99%;
- miqdori – 5 mlrd so‘m.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Davr bank” ATBga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ