2025-yilda Davlat byudjeti daromadlari qariyb 309 trln bo’lishi kutilmoqda
Davlat xarajatlari daromaddan 36,1 trlnga ko’p bo’lishi prognoz qilindi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iqtisodiyot va moliya vazirligi «2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi va budjetnomaga sharh e’lon qildi. Unda budjet xarajatlari daromadidan 36,1 trln so‘mga ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2025-yilda YaIMning 6%ga o‘sishi sanoatda ishlab chiqarishni 6,1%, qishloq xo‘jaligida 4,1%ga, bozor xizmatlari 14,5%ga o‘sishi hisobiga ta’minlanishi prognoz qilinmoqda.
Belgilangan muddatda soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar etib belgilandi:
- konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2025–2027 yillarda YaIMga nisbatan 3%dan oshirmaslik;
- o‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish;
- budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish;
- soliq va budjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish;
- davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60%lik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish, bunda o‘rta muddatda YaIMga nisbatan 50%dan oshirmaslik;
- yillik budjetni shakllantirishda «Natijaga yo‘naltirilgan budjet» tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish;
- ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borish;
- budjet ochiqligini ta’minlash hamda budjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish;
- davlat sektorida ichki nazorat va ichki auditni takomillashtirish va kuchaytirish;
- davlat budjeti loyihasini tayyorlash hamda ko‘rib chiqishda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettirish;
- «Yashil budjetlashtirish» tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish;
- atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag‘batlantiruvchi tadbirlar ustuvorligini ta’minlash;
- xalqaro ekspertlar bilan birgalikda budjet xarajatlari tuzilmasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish.
Ushbu yo’nalishlarga asosan, 2025-yil uchun davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida, davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari (budjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 66,5 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 117,2 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga respublika budjetidan 54,4 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan. Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 58,9 trln so‘m, xarajatlari 74,9 trln so‘mni tashkil etib, Davlat budjetidan 18,5 trln so‘m miqdorida transfert ajratilishi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ