Transport vaziri: Temiryo‘lda chipta tanqisligining asosiy sababi — vagonlar yetishmasligi

Chipta xarid qilmoqchi bo‘lganlarning kamida 30%i esa defitsit sababli chiptasiz qolmoqda

Transport vaziri: Temiryo‘lda chipta tanqisligining asosiy sababi — vagonlar yetishmasligi

O‘zbekiston temir yo‘l sohasida vagonlar yetishmasligi, harakat tarkibining eskirgani, tezyurar poyezdlarga chiptalar tanqisligi va vokzallardagi servis sifati pastligi kabi tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Bu haqda 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zga chiqqan transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammolardan biri — harakat tarkibi yetishmasligi.

Hozirgi kunda mavjud poyezdlar tarkibini to‘ldirish uchun 120 ta vagonga ehtiyoj mavjud. Yo‘lovchi poyezlarida ma’nan eskirgan vagonlarning xizmat ko‘rsatishi va ulardagi salbiy sanitar holatlar muammolari ham bor, — dedi Ilhom Mahkamov.

Vazir yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarga (Afrosiyob) chiptalar tanqisligi masalasiga ham alohida to‘xtaldi.

Yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarga talab yuqori bo‘lgani sabab chipta yetishmovchiligi mavjud. Tahlillarga ko‘ra, chipta xarid qilish istagini bildirgan fuqarolarning kamida 30%i chipta defitsiti sababli chipta xarid qilish imkoniyatiga ega emas, — dedi u.

Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlarini yo‘lga qo‘yish temiryo‘l infratuzilmasidagi cheklovlar tufayli qiyinlashmoqda.

Qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar qatnovini tashkil etish uchun yo‘l infratuzilmasi mavjud emas. Hozirgi vaqtda Toshkent — Samarqand uchastkasi eng qatnov tirband bo‘lgan uchastka hisoblanib, yuk va yo‘lovchi poyezdlar harakati maksimal tarzda tashkil etilgan. Shu sababli ushbu uchastkada qo‘shimcha poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishda har doim murakkablik vujudga keladi, — dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ba’zi hududlarda shahar atrofida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlar harakati tashkil etilmagan.

Temir yo‘l vokzallarida yo‘lovchilar uchun taklif etiladigan servis xizmatlari sifati yetarli darajada emas, — dedi Ilhom Mahkamov.

Vazir fuqarolar, deputatlar va turli so‘rovlar ishtirokchilari tomonidan ko‘tarilayotgan muammolar normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda inobatga olinayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va bir qator prezident qarorlari bilan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish dasturlari tasdiqlangan.

Xususan, O‘zbekiston prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi 391-sonli qarori bilan 2030-yilgacha yo‘lovchi tashish sohasini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish infratuzilmasini rivojlantirish va harakat tarkibini yangilash dasturi tasdiqlangan.

Vazir mazkur hujjat aholini xavfsiz va sifatli transport xizmatlari bilan ta’minlash, shuningdek, 2030-yilga qadar respublikaning barcha hududlarini yuqori tezlikdagi va tezyurar elektr poyezdlari qatnovi bilan qamrab olishni nazarda tutishini qayd etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi
/
Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi
Avtobusda yo‘lkira to‘lamagan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanadi
/
Avtobusda yo‘lkira to‘lamagan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanadi
Dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘sdi
/
Dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘sdi