Markaziy bank telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibini ishlab chiqdi

Yangi tizimda foydalanuvchi telefon raqamiga faqat bitta bank hisobvarag‘ini biriktira oladi

Markaziy bank telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibini ishlab chiqdi

Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasida Tezkor to‘lovlar tizimi orqali pul mablag‘larini telefon raqami asosida o‘tkazish tartibini belgilovchi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, fuqarolar pul yuborish va qabul qilish uchun o‘z bank hisobvarag‘ini mahalliy mobil aloqa operatorlaridan biridagi telefon raqamiga biriktirishi kerak bo‘ladi. Har bir abonent raqamiga faqat bitta hisobvaraq bog‘lanadi. Mazkur ma’lumotlar Bank depozitorlarining milliy axborot bazasida yuritiladi.

Xizmatga ulanish uchun ariza banklarning mobil ilovalari orqali yuboriladi. Terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish yoki ommaviy qirg‘in qurollarini yaratishga aloqador shaxslarga ushbu xizmatdan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tish yakunlangach, tizim maxsus identifikatsiya kodini shakllantiradi. Ushbu kod foydalanuvchining shaxsiy kabinetida aks ettiriladi.

Pul o‘tkazmalari mobil ilova orqali masofadan turib yoki bank bo‘limlarida to‘lov topshiriqnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunda yuboruvchi tomon tizimga qabul qiluvchining telefon raqami yoki identifikatsiya kodini kiritadi. Tizim esa qabul qiluvchining ismi hamda unga xizmat ko‘rsatuvchi bank haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

Agar operatsiya turli banklar o‘rtasida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, yuboruvchi rekvizitlarni olish uchun qabul qiluvchi bankni tanlashi mumkin. Bir bank ichidagi o‘tkazmalar esa amaldagi ichki tartiblar asosida bajariladi.

To‘lovni tasdiqlashdan oldin foydalanuvchiga mablag‘ oluvchining ismi va undiriladigan komissiya miqdori ko‘rsatiladi. Operatsiya yakunlangach, sana, vaqt, tranzaksiya raqami (BID), tomonlarning ma’lumotlari, hisobvaraqlari, o‘tkazilgan summa va komissiya aks etgan hujjat shakllantiriladi.

Nizom loyihasi muhokamasi 13-iyungacha davom etadi. Markaziy bank mart oyida A2A (account-to-account) to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar tizimining texnik ishga tushirilgani haqida ma’lum qilgan edi. Mazkur xizmat bo‘yicha tariflar tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda insofsiz sug‘urta agentlari reyestri yaratiladi
/
O‘zbekistonda insofsiz sug‘urta agentlari reyestri yaratiladi
MobiUz’ning 100% lik davlat ulushi $351 mlnga sotildi
/
MobiUz’ning 100% lik davlat ulushi $351 mlnga sotildi
Fitch qaroridan so‘ng UzNIF qimmatli qog‘ozlari Londonda 32% gacha qimmatlashdi
/
Fitch qaroridan so‘ng UzNIF qimmatli qog‘ozlari Londonda 32% gacha qimmatlashdi