O‘zbekistonda jinoiy ish doirasida mamlakatdan chiqishni vaqtincha cheklash chorasi joriy etildi
Bunday holda 48 soat ichida apellyatsiya berish mumkin, ammo shikoyat qilish qarorning ijrosini to‘xtatmaydi
Фото: darakchi.uz
O‘zbekistondan shaxslarning tergov va suddan qochishining oldini olish, jabrlanuvchilar huquqlarini himoya qilish hamda yetkazilgan zararni qoplash maqsadida chet elga chiqish huquqini vaqtincha cheklash joriy etildi. Bu haqdagi qonun 15-avgust kuni qabul qilindi.
Shu munosabat bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunlarga va Jinoyat-protsessual kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Kodeksga yangi 28¹-bob qo‘shilib, unda 254¹–254⁴-moddalar bilan chiqish huquqini cheklash tartibi belgilandi.
Tartibga ko‘ra, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror sudga taqdim etgan iltimosnoma 8 soat ichida yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Qabul qilingan qaror Ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmati organlariga yuboriladi.
Cheklov muddatidan oldin ham bekor qilinishi mumkin, masalan, ayblanuvchining davolanish uchun chet elga chiqishi zarur bo‘lgan taqdirda.
Sud qarori 48 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi yoki prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin. Biroq shikoyat qilish qarorning ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.
Mazkur qonun jinoyat-protsessual jarayon samaradorligini oshirish, shaxs huquqlari va adolat manfaatlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash hamda ayblanuvchilarning qonunni suiiste’mol qilish xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ