Biznesni ro‘yxatga olish 15-oktabrdan boshlanadi
Jarayon 1-oktyabr holatidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi
O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi. Prezidentning 10-sentabrdagi farmoni bilan “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasi tasdiqlanib, ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, biznesni ro‘yxatga olish O‘zbekiston hududida 2026-yil 1-oktabr holatiga o‘tkaziladi. Jarayon 15-oktabrdan 30-noyabrgacha davom etadi.
Aholining statistik registri shakllantiriladi
2027-yil yakuniga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda Milliy statistika qo‘mitasida aholining statistik registri shakllantiriladi. Uning asosida aholi sonini hisoblash va muntazam e’lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.
Davlat organlarining aholiga oid ma’lumotlar bazalari o‘zaro muvofiqlashtirilib, ularni doimiy yangilab borish uchun aholining statistik registriga integratsiya qilinadi.
Registr “Kiberxavfsizlik markazi” tomonidan kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosa olinganidan keyin amaliyotga joriy etiladi. Uning axborot xavfsizligi doimiy monitoring qilinadi.
Aholining statistik registridan faqat alohida ruxsat berilgan xodimlar statistik maqsadlarda jamlanma ma’lumotlarni shakllantirish uchun foydalanishi mumkin. Registrdagi individual ma’lumotlardan davlat organlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi taqiqlanadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligining statistik registri shakllantirilib, undagi ma’lumotlar doimiy yangilanib boriladi.
Mikrofirma va kichik korxonalar yiliga bir marta tanlab olinadi
2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasida rasmiy statistika tayyorlovchilari faoliyatini yagona yondashuv asosida muvofiqlashtirish, statistika uslubiyatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, hisobot yukini kamaytirish va ma’lumotlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.
2027-yil 1-yanvardan statistika organlari tomonidan har chorakda o‘tkaziladigan tanlanma kuzatuvlarda mikrofirma va kichik korxonalar yiliga faqat bir marta tanlab olinishi mumkin.
Avvalroq, sentabr oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham 2026 yil oktabr–noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ