1-oktabrdan kichik biznes uchun kredit foizlarining bir qismi qoplab beriladi
Buning uchun tuman va shahar shtablari ixtiyoriga jami 3,2 trln so‘m yo‘naltiriladi
2026-yil 1-oktabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu prezidentning 11-sentabrdagi PF-193-son farmonida belgilangan.
Kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun tuman yoki shahar shtabining tegishli qarori asos bo‘ladi. To‘lovlar Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Kompensatsiya olish uchun tadbirkorlarga kredit tarixi yoki barqarorlik reytingi bo‘yicha qo‘shimcha talablar qo‘yilmaydi.
Tuman va shahar shtablariga 3,2 trln so‘m yo‘naltiriladi
2026-yil oxirigacha tuman va shahar shtablari ixtiyoriga jami 3,2 trln so‘m yo‘naltiriladi. Mablag‘larning:
- 1,37 trln so‘mi — oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga;
- 450 mlrd so‘mi — yoshlar tadbirkorligi dasturlariga;
- 300 mlrd so‘mi — Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi orqali foiz xarajatlarini kompensatsiya qilishga;
- 760 mlrd so‘mi — “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalariga;
- 240 mlrd so‘mi — Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga;
- 100 mlrd so‘mi — Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Ehtiyojmand oilalarni biznesga jalb qilgan tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha kredit
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi mumkin. Bunda jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘mgacha kredit hisoblanadi.
Oilalarni baholashda yangi mezonlar joriy etiladi
2027-yil 1-yanvardan oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritishda ularning faqat moliyaviy holati emas, balki boshqa omillar ham hisobga olinadi. Jumladan, oiladagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi va ko‘p farzandlilik kabi holatlar inobatga olinadi.
Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanadi. Natijaga ko‘ra ular tegishli toifalarga ajratilib, ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
Ishlaydigan ayollarga bola parvarishi nafaqasi to‘lanadi
Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan ayollarga homiladorlik va farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar ijtimoiy sug‘urta hisobidan bola parvarishi nafaqasini to‘lash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ayrim ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari vaucher orqali taqdim etiladi.
Ayrim oilalarga foizsiz kredit ajratiladi
Ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida qo‘shimcha foizsiz kreditlar ajratiladi.
Buning uchun 2026-yilda 100 mlrd so‘m, 2027-yilda 300 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Ajratilgan kreditlarning foiz xarajatlarini qoplash uchun davlat budjetidan 50 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ