O‘zbekistondagi ilk kichik modulli atom reaktori 2029-yil oxirida ishga tushiriladi
“O‘zatom” rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, 2035-yilgacha atom elektr stansiyasi loyihasi to‘liq yakunlanadi
Foto: Alibaev.Politika/You Tube
O‘zbekistonda qurilayotgan birinchi kichik modulli atom reaktorini texnik ishga tushirish 2029-yilning oktabr-noyabr oylariga mo‘ljallangan. Bu haqda Atom energiyasi agentligi — “O‘zatom” direktori Azim Ahmedxo‘jayev Alibaev.Politika YouTube loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, birinchi kichik reaktor foydalanishga topshirilganidan olti oy o‘tib ikkinchi reaktorni ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2033-yilda mamlakatda birinchi yirik reaktorni foydalanishga topshirish, 2034−2035-yillarda esa atom elektr stansiyasi loyihasini to‘liq yakunlash maqsad qilingan.
Biz atom stansiyasi oddiy bir sanoat zavodi emasligini, bu juda jiddiy yondashuv ekanini tushunamiz. Prezident bizdan, eng avvalo, xalqaro xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilishni talab etmoqda. Shu sababli maydonchamizga XAEA (Xalqaro atom energiyasi agentligi) ekspertlari muntazam ravishda kelishmoqda. Bu yil ikkita missiya rejalashtirilgan, — dedi u.
Agentlik direktori loyiha tasdiqlangan jadval asosida amalga oshirilayotganini, biroq atom energetikasi obyektlarini qurishda xavfsizlik talablaridan kelib chiqib shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.
Bu o‘nlab yillar oldinga xizmat qiladigan atom stansiyasidir. Uni standartlarga muvofiq nechog‘li to‘g‘ri barpo etishimizga qarab, uning hayotiy sikli belgilanadi, — deya ta’kidladi Azim Ahmedxo‘jayev.
“O‘zatom” rahbarining qayd etishicha, bo‘lajak atom stansiyasining umumiy quvvati 2 110 MVtni tashkil etadi. Stansiya yiliga 17 mlrd kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Taqqoslash uchun, hozirda O‘zbekiston energetika tizimining o‘rnatilgan quvvati qariyb 30 GVt, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 80 mlrd kVt/soatdan ortiqni tashkil etadi. Shu sababli quvvati 2,1 GVt bo‘lgan atom elektr stansiyasi mamlakatning umumiy o‘rnatilgan quvvatida 8 foizdan kam ulushni egallasa-da, amaldagi ishlab chiqarish hajmining qariyb beshdan bir qismini ta’minlash imkonini beradi.
Ya’ni mavjud voqelikda 8% lik quvvat 20% energiya ishlab chiqaradi, — dedi u.
Azim Ahmedxo‘jayev, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarni davom ettirish niyatida ekanini bildirganini eslatdi.
Ishonchimiz komilki, kichik quvvatli stansiyaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, amaliyotda qo‘llanganidan so‘ng, bizga yanada oldinga harakat qilish vazifasi beriladi. Shu sababli, atom stansiyalari va texnologiyalarini doimiy ravishda rivojlantirib borgan holda, mamlakatimizning umumiy energiya balansida yaxshi va munosib o‘rinni egallaymiz, — dedi “O‘zatom” rahbari.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ