BFQlarning raqamli markirovkasi: u nima uchun kerak va bozorda qanday aks etadi

BFQlar nima, ular qanday foyda keltiradi va nima uchun faqat tasdiqlangan mahsulotni sotib olish lozim

BFQlarning raqamli markirovkasi: u nima uchun kerak va bozorda qanday aks etadi

Bir yil oldin Yaponiyada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan fojia yuz berdi – besh nafar fuqaro tarkibida qizil guruch ekstrakti bo‘lgan sifatsiz biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilish oqibatida vafot etdi. Bioqo‘shimchadan jami 100 kishi jabrlangan. “Kobayashi Pharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan preparat organizmdan xolesterinni chiqarib yuborishi kerak edi, bu esa buyrak yetishmovchiligiga olib kelgan. Bu yagona hodisa emas, bunday holatlar boshqa mamlakatlarda ham bir necha bor qayd etilgan. Kunchiqar mamlakatdagi shov-shuvli voqeadan so‘ng, beixtiyor savol tug‘iladi: BFQlar xavflimi, ularni qo‘llashdan sog‘liqqa zarar yetkazmasdan maksimal foyda olish va keyinchalik qattiq afsuslanmaslik uchun sifatli bioqo‘shimchani qanday to‘g‘ri tanlash kerak.

BFQlar nima va ularning dorilardan farqi nimada?

BFQlar – dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtasida o‘rtacha o‘rinni egallagan maxsus preparatlar toifasi. Ularning tarkibiga vitaminlar, oqsillar, aminokislotalar, o‘simlik ekstraktlari, bakteriyalar, minerallar va boshqa tabiiy moddalar kiradi.

Dorilar, BFQlardan farqli o‘laroq, ko‘pincha sun’iy kelib chiqishga ega bo‘lgan ingredientlardan tayyorlanadi. Dori vositalari, odatda, kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi va aynan ular asosiy terapiya sifatida qo‘llaniladi. Biologik faol qo‘shimchalar ularga yordam beradi, ammo ular kasallikni to‘liq yengishga qodir emas.

BFQ – profilaktik va umumiy quvvatlantiruvchi vositalar. Ular immunitetni mustahkamlaydi, ovqat hazm qilishni, yurak-qon tomir tizimi ishini, reproduktiv funksiyani yaxshilaydi, stresslar bilan kurashishga yordam beradi.

Qanday BFQlarni sotib olish mumkin va ularning barchasi xavfsizmi?

Agar vositalar shifokor tomonidan buyurilgan bo‘lsa, ko‘rsatmalarga muvofiq tavsiya etilgan dozalarda qabul qilinsa, ular zarar yetkaza olmaydi. Biologik faol qo‘shimchalar tekshiruv va ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. BFQlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Yevropada bu bilan EMA (European Medicines Agency), AQShda FDA – Food and Drug Administration shug‘ullanadi. Ro‘yxatga oluvchi organlar boshqa mamlakatlarda ham bor. Yangi preparat sertifikatlangan muassasalarda uning xavfsizligi va samaradorligini tasdiqlovchi klinik oldi va klinik tadqiqotlardan o‘tkazilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini faqat ushbu sinovlarning barchasidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘zining foydaliligi va zararsizligini isbotlagan preparatlar oladi.

Turli onlayn platformalardagi sotuvchilardan biologik faol qo‘shimchalarni sotib olishda muammolar yuzaga keladi. Ko‘pincha hech qanday sinovdan o‘tmagan, ruxsat etilmagan dozalarda, sertifikatlarsiz mahsulotlar BFQ toifasiga kiradi. BFQlarni sotib olayotganda, iste’molchi biologik qo‘shimchani sotib olyapman deb o‘ylaydi, lekin aslida qandaydir tushunarsiz mahsulotga ega bo‘ladi. Ba’zi iste’molchilar bunday tovarni arzonligi yoki qandaydir «sehrli» xususiyatlari borligi uchun sotib oladilar. Bunda ushbu mahsulotning haqiqiyligini va uning e’lon qilingan xususiyatlarga muvofiqligini tasdiqlash mumkin emas.

Bioqo‘shimchalar bozoriga markirovka nima uchun kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 737-son qarori tovar bozorlaridagi vaziyatni tubdan o‘zgartirdi. Raqamli markirovka kontrafakt va qalbaki mahsulotlarning kirib kelishiga ishonchli to‘siq bo‘ldi, bozorni “oq” (qonuniy) va “kulrang” (noqonuniy) segmentlarga ajratish va qonunni buzadigan, sifatsiz mahsulotlarni sotadigan insofsiz bozor ishtirokchilarini aniqlash imkonini berdi.

Dastlab 2021-yilda tamaki, alkogol va pivo mahsulotlari, 2022 va 2024-yillarda maishiy texnika, dori vositalari, suv va alkogolsiz ichimliklar markirovka qilina boshlandi. Eslatib o‘tamiz, dori vositalarini majburiy markirovkalash boshlanganiga ikki yil bo‘ldi va segment allaqachon uning afzalliklarini his qilmoqda. 2024-yil yakuniga ko‘ra, 69 ta mahalliy dori-darmon ishlab chiqaruvchisi va 395 ta ulgurji sotuvchi “Asl Belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatish tizimiga ulandi. “Dori vositalari va tibbiy buyumlar” guruhidagi mahsulot aylanmasi ishtirokchilari soni 2023-yilga nisbatan 35%ga oshgan. Markirovkalangan dori vositalari savdosi 19,5 barobar oshdi. Raqamli markirovkalashning joriy etilishi iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, noqonuniy aylanma ulushini kamaytiradi va bozorni «oqartirish» hamda biznes shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

Biologik faol qo‘shimchalarning mashhurligi va savdosi yildan-yilga ortib bormoqda. Shu bilan birga, ekspertlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan biologik faol qo‘shimchalarning aksariyati kontrafakt hisoblanadi. BFQlarni raqamli markirovkalash noqonuniy tovarlar hajmini kamaytirishga va xaridorga sifatli, sertifikatlangan mahsulotlarni sotib olishni kafolatlashga yordam beradi. Qadoqdagi identifikatsiya kodini skanerlash orqali xaridor asl tovarni qo‘lida ushlab turganligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Iste’molchi mahsulotning tarkibi, uning foydali xususiyatlari, tavsiya etilgan dozasi va qo‘llash usuli haqida ma’lumot oladi, bu esa ongli ravishda tanlov qilish va mahsulotni sog‘liqqa zarar yetkazmasdan to‘g‘ri ishlatish imkonini beradi. BFQlarning raqamli markirovkasi mahsulotning zarur sinovlardan o‘tganligi hamda belgilangan sifat va xavfsizlik standartlariga muvofiqligini kafolatlaydi.

BFQlarni raqamli markirovkalash tovarni ishlab chiqarishdan yakuniy iste’molchiga sotishgacha bo‘lgan yo‘lni kuzatish imkonini beradi. Bu kontrafaktning paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi va xaridorlar faqat xavfsiz sertifikatlangan mahsulotlarni olishadi. Bundan sotuvchilarning o‘zi ham yutadi. Majburiy markirovkalash qoidalariga rioya qilish xaridorlarning ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) ixtiyoriy ravishda markirovkalash loyihasi boshlanadi. U Prezidentning 2025-yil 28-yanvardagi «Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-13-son Farmoni doirasida amalga oshirilmoqda.
Tashabbus kontrabanda va soxtalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek, iste’molchilarni himoya qilishga qaratilgan. Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va boshqa bozor ishtirokchilari loyihaga ixtiyoriy ravishda qo‘shilishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, CRPT TURON tomonidan markirovka kodlarini taqdim etish va ushbu bosqichda ularni kuzatish bepul bo‘ladi.
Loyiha nafaqat ixtiyoriy markirovkalash tizimini sinovdan o‘tkazish imkonini beradi, balki birinchilar qatorida bo’lgan ishtirokchilarga o‘z mahsulotlarining sifatini tasdiqlash va o‘zlarini bozorning vijdonli ishtirokchilari sifatida e’lon qilish imkoniyatini beradi.

 

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonliklarning 68% i kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda — MB
/
O‘zbekistonliklarning 68% i kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda — MB
Rustam Turg‘unov IT Park Capital direktori etib tayinlandi
/
Rustam Turg‘unov IT Park Capital direktori etib tayinlandi
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 14,25% gacha pasaytirdi
/
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 14,25% gacha pasaytirdi