O‘zbekiston Belarusda 4 ming gektarda chorvachilik loyihasini yo‘lga qo‘yadi

Bu orqali har yili Belarusga 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinadi

O‘zbekiston Belarusda 4 ming gektarda chorvachilik loyihasini yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekiston tomoni Belarusdan 4 ming gektar ekin maydonini uzoq muddatli ijaraga olib, uning negizida qoramolchilik loyihasini yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, mamlakatdan Belarusga har yili 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilinadi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi doirasida qator iqtisodiy kelishuvlarga erishildi. Xususan, O‘zbekiston vakillari Vitebsk viloyatining Braslav, Shumilin, Postav va boshqa hududlaridagi chorvachilik komplekslari hamda savdo obyektlari faoliyatini o‘rgandi. Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif davomida “Asl Yuksalish Savdo”, “Muborak qorako‘lchilik” korxonalari hamda Shumilin tumanidagi “Sirotinskiy” chorvachilik fermasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Kelishuvga ko‘ra, Belarus hududida ijaraga olinadigan 4 ming gektar yer maydonida yirik chorvachilik loyihasi amalga oshiriladi va uning birinchi bosqichida ming bosh qoramol yetishtiriladi.

Agrar loyihalar bilan bir qatorda eksport yo‘nalishida ham muhim kelishuvlarga erishildi. “Asl Yuksalish Savdo” korxonasi Belarusning “Dobronom” YOAJ savdo tarmog‘i bilan shartnoma imzoladi. Ushbu shartnomaga muvofiq, O‘zbekistondan Belarusga har yili 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beriladi.

Eksport qilinadigan mahsulotlar qatoridan quruq mevalar, dukkakli ekinlar, poliz mahsulotlari hamda uzum o‘rin oladi. Bu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish va oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda, tomonlar gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ham e’tibor qaratdi. Xususan, sayyohlar oqimini oshirish maqsadida ikki mamlakat turizm sohasi vakillari uchun o‘zaro tanishuv safarlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Belarus Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Yuriy Senko bilan uchrashuvda Minsk sahnalarida Qashqadaryo viloyati teatri jamoasining spektakllarini namoyish etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Farg‘onada qiymati $300 mlnlik shifoxona ishga tushiriladi
/
Farg‘onada qiymati $300 mlnlik shifoxona ishga tushiriladi
O‘zbekiston va Afg‘oniston $520 mlnlik savdo bitimlarini imzoladi
/
O‘zbekiston va Afg‘oniston $520 mlnlik savdo bitimlarini imzoladi
O‘zbekiston Henley & Partners pasport reytingida 74-o‘ringa ko‘tarildi
/
O‘zbekiston Henley & Partners pasport reytingida 74-o‘ringa ko‘tarildi