Banklar 1,1 mln holatda so‘ralgan summadan ortiqcha mikroqarz ajratgan

Markaziy bank bunday “agressiv amaliyot”ni taqiqlashni taklif qilmoqda

Banklar 1,1 mln holatda so‘ralgan summadan ortiqcha mikroqarz ajratgan

O‘zbekistonda banklarga mijozlarni so‘ralgan miqdordan ortiq kredit olishga undashni taqiqlash taklif qilinmoqda. Bu Markaziy bankning jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan buyrug‘i loyihasida ko‘zda tutilgan.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, aprel-iyun oylarida banklar 1,1 mln ta holatda mijozlar arizasida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq miqdorda mikroqarz bergan.

Mazkur agressiv kreditlash iste’molchida o‘z imkoniyatlarini tahlil qilmasdan yoki kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan risklarni inobatga olmasdan zaruriyat bo‘lmasa-da qo‘shimcha qarz mablag‘larini olishlariga undamoqda. Ushbu holat oqibatida esa keyinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan fuqarolar kredit to‘lovlarini to‘lashda muammolarga duch kelmoqda, — deyiladi loyihada.

Buyuk Britaniyaning Moliyaviy tartibga solish va nazorat boshqarmasi talablariga ko‘ra, kompaniya mijozni u arizada ko‘rsatgan summadan ortiq tartibga solinadigan kredit shartnomasini tuzishga undashga, buning uchun rag‘batlantirish yoki imtiyozlar berishga yoki uni boshqacha tarzda bunday qarorga undashga haqli emas.

Bundan tashqari, ba’zi hollarda O‘zbekiston banklari kredit bo‘yicha to‘lovlarni shartnomada yoki jadvalda belgilangan to‘lov muddati kelishidan oldin bankning operatsion kuni boshlanishi bilan asoslab, kredit bo‘yicha to‘lovlarni undirishni boshlaydilar.

Markaziy bank bunday amaliyotni taqiqlashni taklif qilib, bankning ichki dasturiy tizimlari ishlashi bilan bog‘liq masalalar kredit tashkilotining ichki ishi ekanini va qarz oluvchi va bank o‘rtasidagi shartnoma shartlaridan kelib chiqqan holda tashkil etilishi kerakligini, aksincha emasligini ta’kidladi.

Alohida band ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni himoya qilishga bag‘ishlangan. Hozir ularning bank kartalariga maqsadli davlat nafaqalari va to‘lovlari o‘tkazilmoqda, ammo ba’zi banklar bu mablag‘lardan muddati o‘tgan qarzlarni yopish uchun foydalanmoqda. Regulyatorning fikricha, bunday tartib fuqarolarni yordamni maqsadli sarflash imkoniyatidan mahrum qiladi va ularning moliyaviy ahvolini og‘irlashtiradi.

Ushbu loyiha doirasida banklar qarz oluvchilarga shartnoma imzolashdan oldin kredit xatarlari to‘g‘risidagi chek-listni berish majburiyatini yuklashi mumkin. Shuningdek, ilovalarda “qora naqshlar”dan foydalanishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda suv va ichimliklarni raqamli markirovkalashning ikkinchi bosqichi to‘xtatildi
/
O‘zbekistonda suv va ichimliklarni raqamli markirovkalashning ikkinchi bosqichi to‘xtatildi
OIIB va ACWA Power Buxorodagi 300 MVtli shamol elektr stansiyasi uchun $107 mln ajratadi
/
OIIB va ACWA Power Buxorodagi 300 MVtli shamol elektr stansiyasi uchun $107 mln ajratadi
O‘zbekistonda dollar kursi o‘sishda davom etmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi o‘sishda davom etmoqda