Bank omonatlari daromadiga 5% lik soliq joriy etish taklif qilinmoqda
Fiskal tahlillar instituti ekspertlari hisob-kitobiga ko‘ra, bu budjetga yiliga qo‘shimcha 1,4 trln so‘m tushum keltirishi mumkin
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga 5% lik soliq joriy etish taklif qilindi. Bu “Fiskal muloqot” tadbirida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Kapital.uz jurnalisti.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari 1998-yildan buyon soliqqa tortilmaydigan yagona passiv daromad turi bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda dividendlar 5%, ijara, royalti va kapital o‘sishidan olinadigan daromadlar esa 12% lik stavka bo‘yicha soliqqa tortiladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatiga jismoniy shaxslarning bank omonatlari hajmi 170,2 trln so‘mni tashkil etgan. Omonatlarning o‘rtacha yillik daromadliligi 16% deb hisoblanganda, 5% lik soliq joriy etilishi budjetga yiliga qo‘shimcha qariyb 1,4 trln so‘m tushum keltirishi mumkin.
Institut ekspertlari bunday amaliyot xalqaro tajribaga mos kelishini ham qayd etdi. Xususan, Qozog‘iston va Ozarbayjonda omonatlar bo‘yicha foiz daromadlari 10%, Hindistonda 10%, Tailandda 15%, Indoneziyada 20%, Germaniyada 26,4%, Turkiyada esa 15% dan 40% gacha bo‘lgan stavkalar bo‘yicha soliqqa tortiladi.
Institut taklifiga ko‘ra, bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini Soliq kodeksining 381-moddasiga muvofiq dividendlar bilan tenglashtirib, ularga 5% lik soliq stavkasini qo‘llash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Kapital.uz avvalroq ayni shu tadbirdan bir foizlik keshbekni bekor qilish budjetga yiliga qariyb 2 trln so‘m tejash mumkinligi xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ