Bir foizlik keshbekni bekor qilish budjetga yiliga qariyb 2 trln so‘m tejash imkonini beradi
Fiskal tahlillar instituti, shuningdek, keshbek tizim o‘rniga lotereya joriy etilsa, xarajatlar 20 barobarga kamayishini ma'lum qildi
2022-yildan buyon amal qilib kelayotgan 1% lik keshbek tizimi aholida xarid cheki talab qilish madaniyatini shakllantirish vazifasini bajargan. Bu haqda 30-iyul kuni Fiskal tahlillar instituti tomonidan ilk bor tashkil etilgan “Fiskal muloqot” tadbirida ma’lum qilindi. Bu haqda Kapital.uz jurnalisti xabar bermoqda.
Institut vakillari ta’kidlashicha, ommaviy keshbek tizimi o‘zining asosiy maqsadiga erishgan.
1% lik keshbek o‘z vazifasini bajarib bo‘ldi. Ya’ni u aholining chek so‘rash savodxonligini oshirishga xizmat qildi, deb hisoblaymiz. Lekin bu mexanizm davlat budjeti xarajatlarini yildan yilga oshirib bormoqda, — dedi ma’ruzachi.
Keshbek xarajatlari besh yilda 2,5 baravar oshgan
Institut taqdimotiga ko‘ra, keshbek uchun ajratilayotgan budjet mablag‘lari yil sayin ortib bormoqda.
2022-yilda ushbu maqsad uchun 820 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 1,05 trln so‘mni, 2024-yilda 1,24 trln so‘mni, 2025-yilda esa 1,51 trln so‘mni tashkil etgan.
2026-yilda keshbek xarajatlari 1,81 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Amaldagi tizim saqlanib qolsa, 2027-yilda bu ko‘rsatkich 2,08 trln so‘mgacha oshishi kutilmoqda.
Institut ommaviy keshbekni bekor qilishni taklif qildi
Shu munosabat bilan Fiskal tahlillar instituti amaldagi 1% lik ommaviy keshbek tizimidan voz kechishni taklif qildi.
Taklifga ko‘ra, “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan fuqarolar uchun ijtimoiy ahamiyatga ega ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan 12% lik keshbek saqlab qolinadi.
Qolgan fuqarolar uchun esa chek talab qilishni rag‘batlantirish maqsadida ommaviy keshbek o‘rniga manzilli davlat lotereyalari joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Taqdimotda qayd etilishicha, bitta chek bo‘yicha lotereya yutug‘i 100 mln so‘mgacha yetishi mumkin.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan shu mexanizm budjet xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Agar 1% lik keshbek davom ettirilsa, 2027-yilda davlat budjeti hisobidan 2,1 trln so‘m sarflanishi prognoz qilinmoqda. Agar bu amaliyot bekor qilinib, manzilli lotereyalarga o‘tilsa, davlat budjeti hisobidan eng ko‘pi bilan 100 mlrd so‘m ajratish kifoya qiladi. Bu esa xarajatlarni 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi”, — dedi ma’ruzachi.
Savol-javoblar davomida ekspert ushbu hisob-kitoblar davlat budjetining umumiy xarajatlariga emas, aynan keshbek dasturini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘larga taalluqli ekanini alohida ta’kidladi.
Institutga ko‘ra, manzilli lotereyalar, avvalo, chakana savdo va umumiy ovqatlanish kabi yashirin iqtisodiyot xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda chek talab qilish odatini saqlab qolishga xizmat qiladi.
QQS ma’murchiligi takomillashtiriladi
Tadbirda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ma’murchiligini raqamlashtirish bo‘yicha rejalar ham taqdim etildi.
Unga ko‘ra, QQS samaradorligini amaldagi 57% dan 63% gacha oshirish rejalashtirilmoqda. Natijada budjetga qo‘shimcha 4,87 trln so‘m tushum kelishi mumkin.
Bunga biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, soliq ma’murchiligini raqamlashtirish, xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini kengaytirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish orqali erishish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ