O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $41 mlrddan oshdi
Eksport hajmi $15,9 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8,8% ga kamaydi, import esa 21% ga o‘sdi
2026-yil yanvar—iyun oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $41 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Olti oy yakunlariga ko‘ra, tashqi savdo hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,4% ga yoki $2,8 mlrdga oshgan.
Hisobot davrida eksport hajmi $15,9 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8,8% ga kamaygan. Import esa 21% ga o‘sib, $25,1 mlrdga yetgan. Natijada tashqi savdo balansida $9,3 mlrd miqdorida salbiy saldo yuzaga kelgan.
Hozirda O‘zbekiston dunyoning 195 dan ortiq davlati bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. Tashqi savdoda Xitoy 23,1% lik ulush bilan asosiy hamkor bo‘lib qolmoqda. Rossiyaning ulushi 17,1% ni tashkil etgan. Shuningdek, Qozog‘iston, Turkiya va Afg‘oniston ham mamlakatning eng yirik savdo hamkorlari beshligidan joy olgan.
Eksport tarkibida xizmatlar asosiy ulushni egallab, ularning hajmi $6,2 mlrdni tashkil etdi. Xizmatlar eksportining 52,9 foizi turizm, 31,6%i esa transport xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Sanoat mahsulotlari eksporti $2,4 mlrdni tashkil etgan.
Shu bilan birga, iyun oyida oltin eksporti to‘xtagan. Holbuki, aprel oyida qimmatbaho metall eksporti $1,5 mlrddan oshgan edi.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti qiymat jihatidan $872,9 mlnni tashkil etdi. Olti oy davomida xorijga 1,08 mln tonna meva va sabzavot yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,5 ming tonnaga ko‘p.
To‘qimachilik mahsulotlari eksporti esa $1,6 mlrddan oshib, bir yil ichida 24,1% ga o‘sgan.
Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport uskunalariga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yo‘nalishdagi import hajmi $8,25 mlrdni tashkil etdi.
Bundan tashqari, quyidagi tovar guruhlari bo‘yicha ham yirik import amalga oshirilgan:
- sanoat mahsulotlari — $3,72 mlrd;
- kimyo mahsulotlari — $3,03 mlrd;
- oziq-ovqat mahsulotlari — $2,82 mlrd;
- mineral yoqilg‘i va moylash materiallari — $2,29 mlrd.
Olti oy yakunlariga ko‘ra, xizmatlar importi $3 mlrdga yetgan. Ushbu xarajatlarning 43,8%i turizm xizmatlari, yana 27,5%i esa transport xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ