O‘zbekistonda 2028-yilning fevral oyigacha ayrim laboratoriya jihozlari bojxona bojidan ozod etiladi
Bu haqdagi qaror loyihasi 1-fevraldan kuchga kiradi
Korxonalarning rivojlanish va tadqiqot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya jihozlari va anjomlari 2028-yil 1-fevralgacha bojxona bojidan ozod etiladi. Bu haqda Prezident qarori imzolandi.
Qarorga ko‘ra, davlat ulushi 50% dan ortiq bo‘lgan tashkilotlar va davlat organlari binolarini qurishda quyidagi talablar qo‘yiladi:
- Pudratchilar zarur tovarlarni Elektron kooperatsiya portali va Ishlab chiqaruvchilar ekotizimidan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olishi kerak.
- Agar kerakli tovarlar bu portallarda topilmasa, tasdiqlovchi hujjatlar asosida boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat beriladi.
Bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi.
Ishlab chiqaruvchilar ekotizimida savdolar davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida elektron do‘kon tartib-taomillari asosida shartnoma qiymati bilan bog‘liq cheklovlarsiz o‘tkaziladi, bunda ofertalar mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.
Mazkur qaror 2025-yilning 1-fevralidan e’tiboran kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ