O‘zbekistonda 425 ta kompaniya jamoatchilik uchun ahamiyatli tashkilotlar reyestriga kiritildi
Yangi talablarga ko‘ra, ushbu korxonalar moliyaviy hisobot va majburiy audit bo‘yicha alohida qoidalarga amal qiladi
O‘zbekistonning 425 ta yuridik shaxsi, jumladan yirik savdo platformalari, to‘lov tizimlari va ishlab chiqarish xoldinglari faoliyati jamoatchilik uchun ahamiyatli deb e’tirof etilgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Jamoatchilik uchun ahamiyatli tashkilotlar (PIE) toifasiga qimmatli qog‘ozlari fond birjasida muomalada bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek banklar, mikromoliya tashkilotlari, faktoring kompaniyalari va investitsiya fondlari kiradi.
Bundan tashqari, so‘nggi ikki yil davomida bir vaqtning o‘zida aktivlari va sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 1 mln baravaridan (412 mlrd so‘m), xodimlarining o‘rtacha soni esa 500 nafardan oshgan yirik davlat va xususiy korxonalar ham ushbu ro‘yxatga kiritiladi.
Mazkur ro‘yxat Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan birgalikda shakllantirilgan. Hozirda unda 425 ta tashkilot mavjud bo‘lib, ular orasida 96 ta qimmatli qog‘ozlar emitenti, 226 ta moliyaviy sektor ishtirokchisi, 14 ta birja va fond, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan 44 ta korxona hamda daromad va xodimlar soni bo‘yicha belgilangan mezonlarga javob beruvchi 132 ta yirik yuridik shaxs bor.
Yangi qoidalarga muvofiq, ushbu ro‘yxatdagi tashkilotlar 2027-yil 1-yanvardan boshlab buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) asosida yuritishi shart.
2028-yil yakunlari bo‘yicha esa ular moliyaviy hisobotlarini mustaqil auditorlik xulosasi bilan birga e’lon qilishi lozim bo‘ladi. Bunda xalqaro standartlarni joriy etish muddati qonunchilikda avvalroq belgilangan korxonalar bundan mustasno hisoblanadi.
Vazirlik vakillarining ta’kidlashicha, mazkur reyestrni shakllantirishdan maqsad ma’lumotlar ochiqligini oshirish va korporativ boshqaruvni takomillashtirishdan iborat. Bu esa aholining va investorlarning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ro‘yxatdan Anglesey Food (“Korzinka” brendi), Uzum ekotizimi, Click, Paynet va Payme to‘lov servislar, Artel Electronics Manufacturing, Akfa Building Materials, Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, Sanoat Energetika Guruhi, Discover Invest Global, BYD Uzbekistan hamda boshqa yirik kompaniyalar va kredit tashkilotlari o‘rin olgan.
Biroq iqtisodchi Otabek Bakirov e’lon qilingan reyestrda yirik aylanmaga ega bo‘lgan ayrim kompaniyalar yo‘qligiga e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, Yandex, Wildberries, UzIMEI, shuningdek CRPT Turon, Enter, Eriell, Tashkent Tobacco, Gid License Plate va Uzavtomotobelgi ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ