Toshkentda xususiy avtoturargohlar yagona tizimga ulanadi
Yangi loyiha piyodalar uchun qulaylikni oshirish va tartibsiz to‘xtash muammosini kamaytirishga qaratilgan
Фото: Kapital.uz
Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) savdo va servis obyektlari huzuridagi xususiy avtoturargohlarni yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur tashabbus piyodalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, shuningdek, avtotransportdan xoli hududlarga ustuvorlik berish hamda shahar tartibini tizimli shakllantirishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, odamlar gavjum hududlarda tartibsiz to‘xtash muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Avtomobillar piyodalar yo‘laklari, o‘tish joylari va binolar kirish qismida qoldirilishi natijasida yo‘laklar torayib, ko‘rish imkoniyati cheklanmoqda va xavfsizlik darajasi pasaymoqda.
Yagona tizimga ulanish orqali avtoturargoh o‘rinlarini shaffof hisobga olish, ularning bandligini nazorat qilish va foydalanish jarayonini soddalashtirish rejalashtirilgan. To‘liq hisob-kitobdan tushadigan qo‘shimcha mablag‘lar esa avtoturargoh joylashgan hududlarda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Loyiha samaradorligi baholanib, jamoatchilik muhokamasidan so‘ng uni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, shahar markazidagi faol hududlarda avtomobillarning 20–30% i qoidabuzarlik bilan to‘xtaydi. Bu holat piyodalar yo‘laklarining o‘tkazuvchanligini 40–60% gacha kamaytiradi. Bundan tashqari, tirbandliklarning 30–40% igacha qismi haydovchilarning bo‘sh to‘xtash joyini izlashiga to‘g‘ri keladi.
YHTEM ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro tajriba avtoturargohlarni raqamli va markazlashgan boshqarish samaradorligini ko‘rsatmoqda. Masalan, bunday tizimlar to‘xtash joyini izlash vaqtini 43% gacha, bosib o‘tiladigan masofani esa 30 foizga qisqartirishi mumkin. Moskva tajribasida esa bu yondashuv qoidabuzarliklarni 64% ga kamaytirgan va harakat tezligini sezilarli oshirishga yordam bergan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ