Islom taraqqiyot banki mablag‘lari evaziga O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi 37 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinadi
Ushbu yo‘llar Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlarini qamrab oladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Islom taraqqiyot banki (IsDB) prezidenti Muhammad Al Jasser o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda transport infratuzilmasi va ta’limni rivojlantirish, jumladan, yo‘l infratuzilmasi hamda ta’lim sohasida zamonaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, uchrashuv doirasida yuqoridagi yo‘nalishlar yuzasidan qarz, agentlik hamda grant bitimlari imzolandi:
- Islom taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi yo‘llarni rekonstruksiya qilish: loyiha doirasida Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani, Mirzaobod tumani va Sardoba tumanidagi umumiy 37 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinadi.
- “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish” (“SmartED”) loyihasini amalga oshirish: loyiha doirasida respublika bo‘yicha jami 58 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablar inklyuziv ta’lim talablariga ko‘ra quriladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ