Kelgusi 12 oyda aholi inflatsiya kutilmalari 12% dan oshdi — Markaziy bank

Shuningdek, qaysi hududlarda narx-navo sezilarli oshishi kutilayotgani maʼlum qilindi

Kelgusi 12 oyda aholi inflatsiya kutilmalari 12% dan oshdi — Markaziy bank

Markaziy bank Oʻzbekistonda kelgusi bir yillik inflyatsion kutilmalarni oʻrgandi. Soʻrovda qatnashgan aholi fikricha, bu davrda Surxondaryoda tovar va xizmatlar narxlari boshqa hududlarga qaraganda koʻproq oshadi. Tadbirkorlar orasida esa yuqori narx oʻsishini Samarqand viloyatida kuzatilishini kutayotganlar ulushi katta.

Aholi va biznes inflyatsion kutilmalari
Aholi kelgusi 12 oy ichida mamlakatdagi tovar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 12,2% ga oshishini kutmoqda. Ayniqsa, kommunal xizmatlar, yoqilgʻi va energiya resurslari qimmatlashishi koʻproq qayd etilgan. Oziq-ovqat mahsulotlari narxi koʻtarilishini kutayotganlar ulushi ham oshgan.
Hududlar miqyosida odamlar Surxondaryo viloyatida narxlar eng yuqori (14,4%), Namangan viloyatida esa past darajada (10,9%) oshishini taxmin qilgan. Daromadi 20–30 mln soʻm boʻlgan aholining inflyatsion kutilmalari eng yuqori boʻlmoqda — 14,4%.
Korxonalar esa kelasi bir yil ichida inflyatsiya 11,8% boʻlishini kutmoqda. Tadbirkorlar fikricha, kommunal va energiya xarajatlari eng yuqori darajada oshadi. Shu bilan birga, ish haqi va nafaqalar miqdori oʻsishi ham inflyatsiyaga oshiruvchi bosim beradi.

Tadbirkorlar orasida yuqori narx oʻsishi ilm-fan va taʼlim sohasida, nisbatan past kutilmalar esa hunarmandchilikda qayd etilgan. Hududlar kesimida Samarqand tadbirkorlari narxlarning eng yuqori — 13,1% gacha, Andijondagi biznes egalari eng past — 10,5% gacha oshishini kutmoqda.

Aholi va biznesga sezilgan narxlar oshishi
Joriy yil avgust oyida Oʻzbekiston aholisiga sezilgan inflyatsiya 13% boʻldi. Bu iyulga nisbatan 0,3% ga past.
Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya Samarqand viloyatida qayd etilgan — 14,4%. Eng past daraja esa Andijon viloyatida (11,8%) kuzatilgan.

Soʻrovlarda aholining aksariyati goʻsht, sut, elektr, gaz, benzin va dorilar narxi koʻproq qimmatlashganini bildirgan. Daromadsizlar va 10–30 mln soʻm daromadga ega qatlam inflyatsiyani 14,1–16,7% oraligʻida, yaʼni boshqa guruhlarga qaraganda balandroq sezgan.

Sohalar kesimida ilm-fan va taʼlim vakillari narxlar oshishini eng yuqori darajada — 14,8%, savdo xodimlari esa eng past — 11,1% atrofida his qilgan. Shuningdek, tibbiyot (14,7%), ishlab chiqarish (14,3%) vakillari hamda pensionerlar (14,3%) inflyatsiyani oʻrtachadan yuqori oʻsganini bildirgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston Xitoy–Afg‘oniston yo‘nalishida yangi tranzit yo‘lakni ishga tushirdi
/
O‘zbekiston Xitoy–Afg‘oniston yo‘nalishida yangi tranzit yo‘lakni ishga tushirdi
Korxona nomi aks etgan peshlavhalar reklama sifatida baholanmasligi mumkin
/
Korxona nomi aks etgan peshlavhalar reklama sifatida baholanmasligi mumkin
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi 2026-yil iyun oyida boshlanadi
/
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi 2026-yil iyun oyida boshlanadi