Andijon aeroportida yangi terminal qurilishi 40% ga yakunlandi
Terminal 2026-yil yakunida foydalanishga topshirilib, aeroportning yillik yo‘lovchi o‘tkazish quvvatini 1 mln nafargacha oshirishi rejalashtirilmoqda
Фото: Uzbekistan Airports
Andijon xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali qurilishi davom etmoqda. Uni 2026-yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi terminalning maydoni 19 650 kvadrat metr bo‘lib, 1979-yilda qurilgan amaldagi terminaldan qariyb 8,2 barobar katta. Uning yo‘lovchi o‘tkazish quvvati soatiga 200 nafardan 1 ming nafargacha oshiriladi. Loyiha yakunlangach, aeroport yiliga qariyb 1 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
17-avgust holatiga ko‘ra, bino qurilishining umumiy tayyorgarlik darajasi 40% ga yetgan. Drenaj tizimi, asosni tayyorlash va poydevorni betonlash ishlari to‘liq yakunlangan. Metall konstruksiyalar ham 100% o‘rnatilgan, birinchi qavat polini betonlash va armatura karkasini o‘rnatish ishlari esa 90% bajarilgan.
Loyiha “Uzbekistan Airports” tomonidan xususiy investor jalb qilinmagan holda amalga oshirilmoqda. Bosh loyihachi — “PRIME TOWER GROUP”, pudratchi esa “MARIN BUSINESS TRADE”.

Terminal qurilishi aeroport aerodrom majmuasi 2025-yil mart oyida rekonstruksiya qilinganidan keyin amalga oshirilmoqda. Rekonstruksiya doirasida uchish-qo‘nish yo‘lagi, rullash yo‘llari va samolyotlar turargohi kengaytirilib, yangi yorug‘lik signalizatsiyasi uskunalari o‘rnatilgan.
Keyingi modernizatsiya doirasida 10 ta yirik samolyot turargohi va 2 ta yangi rullash yo‘lagi barpo etilmoqda.
Yangilangan infratuzilma allaqachon yirik havo kemalarini qabul qilish imkonini bermoqda. 3-iyul kuni Andijon aeroporti tarixida ilk bor Flyadeal aviakompaniyasining 354 yo‘lovchili Airbus A330 samolyotini, 4-avgust kuni esa Challenge Air Cargo kompaniyasining yuk tashuvchi Boeing 747-400 samolyotini qabul qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ