Aloqabank ilk bor $300 mlnlik yevrobondlarni joylashtirdi
Xorijiy investorlardan tushgan buyurtmalar hajmi taklifdan uch baravar ko‘p bo‘ldi
Фото: Kapital.uz
Aloqabank xalqaro bozorda ilk bor $300 mln miqdoridagi o‘z qimmatli qog‘ozlarini joylashtirdi. Bu haqda Cbonds portali xabar berdi.
Bankning qarz majburiyatlari muomalasi 11-maydan boshlandi. Emissiya jarayonini Citigroup, Mashreqbank, First Abu Dhabi Bank hamda Abu Dhabi Commercial Bank kabi to‘rtta xorijiy moliyaviy institut muvofiqlashtirdi.
Kupon stavkasi 7,7% darajasida belgilangan. Qimmatli qog‘ozlarning muomala muddati besh yilni tashkil etadi va ularni so‘ndirish 2031-yil 18-mayga rejalashtirilgan.
GlobalCapital ma’lumotiga ko‘ra, savdolar davomida bank qimmatli qog‘ozlar daromadliligini 8%dan past darajagacha tushirishga erishgan. Yakuniy talab esa $1 mlrddan oshib, joylashtirish hajmidan uch baravar ko‘p bo‘lgan.
Xalqaro Fitch Ratings agentligi emissiyaga BB(EXP) reytingini berdi. Mazkur baho bankning ishonchlilik reytingiga mos keladi. Tahlilchilar buni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ehtimoli hamda bankning yosh tadbirkorlarni moliyalashtirishdagi o‘rni bilan izohlagan.
Emissiya shartlari kapital va dividendlar bo‘yicha me’yorlarga rioya qilishni ham nazarda tutadi. Agar bankdagi davlat ulushi nazorat paketidan — 50% va bir aksiyadan kamaysa, investorlar mablag‘larini muddatidan oldin qaytarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ