Amerikaning “Air Products” kompaniyasi O‘zbekistonda $3−$4 mlrdlik energetika loyihalarini amalga oshiradi
“O‘zbekneftgaz” va ”Gulf” kompaniyasi respublikada yoqilg‘i shoxobchalari loyihasini yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekiston va AQSh $3−$4 mlrdlik energetika loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, Amerikaning “Air Products” kompaniyasi yangi investitsiyalar kiritish va faoliyat yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga tayyorligini bildirgan.
Energetika vazirligi gaz-transport tizimida yoki mavjud kompressor stansiyalarida va gazdan foydalanuvchi siquv kompressor stansiyalarida gaz agregatlarini elektr dvigatellariga almashtirish bo‘yicha yirik kelishuvlarga erishdi. AQShning “Eksimbanki” ushbu loyihalarni moliyalashtirishga katta qiziqish bildirganini ham vazir qo‘shimcha qildi.
Qazib olish sohasida esa vazirlik “Schlumberger” va “Baker Hughes” bilan yangi texnologiyalar, tajriba hamda boshqaruv uslublarini qo‘llash haqida kelishuvlarga erishdi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” va ”Gulf” kompaniyasi butun respublika bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratishni nazarda tutuvchi $100 mlnlik memorandumni imzoladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompressor stansiyalarida agregatlarni almashtirish ikki-uch yillik dastur doirasida kamida 800 mln dollar deb baholanmoqda. Bu ishlarni muvofiqlashtiruvchi Pan-Asia ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning “Eksimbanki” $852 mln miqdorida kredit liniyasi ochishga tayyorligini bildirgan.
Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, barcha yangi kelishuvlarni, jumladan “Air Products” bilan ko‘mirni gazlashtirish, sintez-gaz olish va undan ammiak, metanol hamda qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni hisobga olganda, ularni yaqin kelajak uchun umumiy qiymati taxminan $3−$4 mlrd atrofidagi istiqbolli yangi loyihalar sifatida baholash mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ