Mart oyida aholiga sezilgan inflyatsiya darajasi 11,1% ni tashkil etdi
Kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari ko‘rsatkichi esa biroz pasaygan
Фото: Kapital.uz
2026-yil mart oyida O‘zbekistonda aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari biroz pasayib, 11% ni tashkil etdi. Tadqiqotda jami 3 239 nafar respondent ishtirok etgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar oshishiga eng katta ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatida kommunal xizmatlar va yoqilg‘i-energiya resurslari qimmatlashuvi qayd etilgan. Shu bilan birga, valyuta kursi o‘zgarishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi va ish haqi oshishini asosiy omil sifatida ko‘rsatuvchi respondentlar ulushi kamaygan.
Tadbirkorlar orasida inflyatsion kutilmalar deyarli o‘zgarmagan va 10,7% darajasida saqlanib qolgan. So‘rovda 1 592 nafar tadbirkor qatnashgan. Ular orasida yoqilg‘i-energiya resurslari narxining oshishi asosiy xavf omili sifatida ko‘proq tilga olingan.
Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsion kutilmalar Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past ko‘rsatkichlar Samarqand va Navoiy viloyatlarida qayd etilgan.
Aholining sezgan inflyatsiyasi ham mart oyida biroz pasayib, 11,1% ni tashkil etdi. Narxlar oshishi eng ko‘p oziq-ovqat, yoqilg‘i va kommunal xizmatlar segmentida sezilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ