O‘zbekiston va Afg‘oniston $520 mlnlik savdo bitimlarini imzoladi
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik hajmi $1,4 mlrddan oshdi
Foto: x.com/MoICAfghanistan
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida biznes-konferensiya doirasida umumiy qiymati $520 mln bo‘lgan savdo bitimlari imzolandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi olti oyda ikki mamlakat iqtisodiy institutlari o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kengaygan.
Palata rahbari Saidkarim Hashimiy ta’kidlashicha, O‘zbekiston delegatsiyalarining muntazam tashriflari tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish va savdo aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashriflar davomida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqatni qayta ishlash, tog‘-kon sanoati, transport, logistika, qurilish, neft mahsulotlari va energetika sohalarida jami $1,4 mlrddan ortiq kelishuvlarga erishilgan.
Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy mamlakatni O‘zbekiston mahsulotlari uchun istiqbolli bozor sifatida baholadi.
Andijon viloyati hokimi Shukhratbek Abdurakhmanov esa hudud tadbirkorlari afg‘on hamkorlar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi. Bu loyihalar sement, elektr kabellari, farmatsevtika va poyabzal ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ