Yil boshidan buyon “AAA” reytingiga ega tadbirkorlarga 1,8 trln so‘m QQS 1 kunda qaytarildi
Ayni vaqtda bunday reytingdagi kompaniyalar soni 2 mingdan oshgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda yil boshidan buyon “AAA” reytingidagi 2,3 mingta tadbirkorlik subyektlariga 1 kunda 1,8 trln so‘m QQS avtomatik tarzda qaytarildi. Bu haqda Savdo sanoat palatasi xabar bermoqda.
Bugungi kunda jami 552,8 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti tizimda ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 2,3 mingta tashkilot “AAA” reytingiga ega bo‘lsa, D toifaga qariyb 192 ming subyekt kiradi.
Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20-avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.
Eslatib o’tamiz, o‘tgan yildan boshlab O‘zbekistonda tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etildi. Endi biznes faoliyati soliq intizomi va moliyaviy barqarorlikning 23 ta mezoni asosida elektron tizim orqali baholanmoqda.
Baholash natijasiga ko‘ra, tadbirkorlar eng yuqori “AAA” (96–100 ball) darajadan eng past “D” (25 balldan kam) darajagacha bo‘lgan toifalarga ajratiladi.
Yuqori reyting tadbirkorlarga quyidagi afzalliklarni taqdim etadi:
- soliq tekshiruvlaridan ozod etish ( “AAA”);
- tekshiruvsiz QQSni 1 kunda qaytarish ( “AAA”);
- boshqa soliqlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni 3 kun ichida qaytarish (“A” va undan yuqori).
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ