O‘zbekistonda 2025-yil yakuniga qadar AI-80 benzini cheklanishi mumkin
Shuningdek, mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanishni taqiqlash belgilangan
Фото: РБК
Jamoatchilik muhokamasi uchun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yilida (2025 yil) davlat dasturini amalga oshirish to‘g‘risida prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Hujjatda keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining takliflarini inobatga olgan holda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etilgan.
Xususan, 2025-yil yakuniga qadar “Yevro-4” ekologik toifasidan past bo‘lgan motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslarni safarbar qilish” taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, butun respublika bo‘ylab issiqlik va elektr energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanishni taqiqlash belgilangan, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan avariya holatlari bundan mustasno.
2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek, viloyat markazlarida quyidagi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni taqiqlash taklif etilmoqda:
- asbest, sement, shlam va shlak ishlab chiqarish;
- ko‘nchilik va parrandachilik fabrikalari;
- agar obyektlar yuqori samarali chang-gaz tozalash qurilmalari bilan jihozlanmagan bo‘lsa, har qanday turdagi ko‘mirni yoqish;
- qora va rangli metallurgiya zavodlari, zaharli komponentli shisha ishlab chiqarish, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
- xavflilikning I va II sinflariga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.
Avvalroq, Rossiya benzin eksportini vaqtincha taqiqlashni yil oxirigacha uzaytirilishi haqida xabar berilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ