O‘zbekistonda $625 mlnga yana 5 ta chiqindi qayta ishlash zavodi quriladi

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib olinadi

O‘zbekistonda $625 mlnga yana 5 ta chiqindi qayta ishlash zavodi quriladi

O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni issiqlik yordamida qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yana 5 ta zamonaviy zavod qurish rejalashtirilmoqda. Loyihalarga jami $625 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltiriladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.

Loyihalar Xitoyning Beijing China Sciences Runyu Environmental Technology, Wangneng Environment va Henan Investment Group, shuningdek, Janubiy Koreyaning Green Hammer kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Yangi zavodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarini qamrab oladi.

Korxonalar to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga:

  • 1,9 mln tonna qattiq maishiy chiqindi issiqlik usulida qayta ishlanadi;
  • 635 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi;
  • 158 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi;
  • issiqxona gazlari chiqindisi 316 ming tonnagacha kamayadi.

11 ta loyihaning umumiy qiymati $1,56 mlrd

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yangi loyihalar chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish dasturining ikkinchi bosqichi hisoblanadi.

Birinchi bosqich doirasida Xitoy kompaniyalari xorijiy investitsiyalar hisobidan umumiy qiymati $933 mln bo‘lgan 6 ta zavod qurishni boshlagan. Ushbu loyihalar Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrini qamrab oladi.

Shunday qilib, ikki bosqich doirasida umumiy qiymati $1,558 mlrd bo‘lgan 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu O‘zbekistonning barcha hududlarida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishning yagona tizimini yaratish imkonini beradi.

Barcha zavodlarni bosqichma-bosqich 2027–2028-yillarda ishga tushirish rejalashtirilgan. Korxonalar to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga jami 5,4 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 2,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Elektr energiyasi 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib olinadi

Tuzilgan kelishuvlarga ko‘ra, zavodlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini “O‘zenergosotish” AJ 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib oladi. Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni korxonalarga yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvlar tuzilgan.

Agentlikning qayd etishicha, bu mexanizm loyihalarning uzoq muddatli va barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda chiqindidan elektr ishlab chiqaruvchi $80 mlnlik zavod qurilishi boshlangandi. Yangi korxona yiliga 274 ming tonna chiqindini qayta ishlab, 80 mln kVt/soat energiya ishlab chiqaradi va 100 ta ish o‘rni yaratadi.

Shuningdek,  Buxoro, Surxondaryo va Namanganda xitoylik investorlar hamkorligida chiqindidan energiya oluvchi zavodlar qurilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Uorren Baffet O‘zbekistonning Got Talent shousini tomosha qiladi
/
Uorren Baffet O‘zbekistonning Got Talent shousini tomosha qiladi
O‘zbekistonda bank kartalari soni 77,3 mln donadan oshdi
/
O‘zbekistonda bank kartalari soni 77,3 mln donadan oshdi
Ilon Maskning boyligi  yana $1 trlndan oshdi
/
Ilon Maskning boyligi yana $1 trlndan oshdi