2035-yilgacha Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun $150−$200 mln investitsiya jalb etiladi
Bu orqali yalpi hududiy mahsulot hajmini 6,5% ga, sanoat ishlab chiqarishni esa 6% gacha yetkazish rejalashtirilgan
Foto: Yandex Map
2025-yil 14-avgust kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ-248-sonli Prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi Boston Consulting Group bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan besh yillik dastur asosida amalga oshiriladi. Dastur doirasida $150–$200 mln miqdorida xorijiy sarmoya jalb etilishi rejalashtirilgan.
Hujjatda 2025–2026-yillarda hududning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 6–6,5% ga, sanoat ishlab chiqarishni 5–6% ga, xizmatlar bozorini 15–17% ga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini 4–5% ga oshirish maqsad qilingan.
Sanoat sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida quyidagi vazifalar belgilangan:
- kichik va yoshlar sanoat zonalari ishtirokchilariga, zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq bajargan taqdirda, sanoat zonalarida faoliyat ko‘rsatish muddatidan qat’i nazar, o‘zlariga biriktirilgan bino va inshootlarni (ularning bir qismini) to‘liq xususiylashtirish huquqi beriladi;
- sanoat zonalarida yuridik shaxslar uchun xususiylashtirilgan yer uchastkasining sotib olish narxi yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bazaviy stavkasining Nukus shahrida 1 baravari, boshqa hududlarda 0,5 baravari miqdoridan kelib chiqib belgilanadi;
- 2025-yil 1-oktabrdan boshlab foydali qazilma konlarini ochiq usulda qayta ishlashni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlariga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berish bo‘yicha auksionda to‘lash taklif etilayotgan summani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Dastur doirasida ijtimoiy obyektlar va infratuzilmani yaxshilash maqsadida “yashil” tamoyil asosida tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 11 ta ijtimoiy soha obyektida qurilish va ta’mirlash ishlari, shuningdek, 151 km avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Aholini kasb-hunarga o‘qitish maqsadida 2025-yil 1-sentabrdan boshlab “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan respublikada ro‘yxatdan o‘tib, ushbu hududda 12 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan, bir yil davomida kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik subyektlariga o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha jami daromadining 50% gacha miqdorida ulush kiritish shaklidagi moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi joriy qilinadi.
Shuningdek, 2025-yil oxirigacha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik loyihalarini boshqarish markazi tomonidan Xitoy tajribasi asosida kamida 5 gektarlik issiqxonalar barpo etilib, kam ta’minlanganlar reyestriga kiritilgan oilalarga 2 yil muddatga ijaraga berilishi rejalashtirilgan. Bunda yillik ijara to‘lovi yer uchastkasi maydonidan kelib chiqib, yuridik shaxslardan undiriladigan yer solig‘i asosida hisoblangan summaning 10 foizi miqdorida belgilanadi.
Hujjatda qayd etilishicha, istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha MMTV va “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi doirasida har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan 50 nafargacha yoshlarning (o‘qish muddati tugagach, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 yil ishlash sharti bilan) xorijda ta’lim olishi ta’minadi.
Qoraqalpog‘istondagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tamomlagan va Qoraqalpog‘istonda doimiy yashovchi yoshlar uchun quyidagi tartib belgilangan:
- 2025−2026 o‘quv yilidan boshlab keyingi 3 o‘quv yili davomida davlat oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qish uchun qo‘shimcha 500 ta kvota;
- respublika hududida faoliyat yuritayotgan nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallarida davlat granti asosida o‘qish uchun har yili qo‘shimcha 200 ta kvota ajratiladi.
Mintaqani rivojlantirish uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. 2026-yildan boshlab Jamg‘armaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti xarajatlari umumiy hajmining kamida 3%i miqdorida mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Jamg‘arma mablag‘lari, xususan, Qoraqalpog‘iston infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, respublika hayotining kommunal va boshqa sohalaridagi dolzarb masalalarni tezkor hal etishga yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ