2030-yilgacha O‘zbekistonda 6,3 ming km yo‘llarni saqlashga xususiy sektor jalb etiladi

Shuningdek, kelgusi yillarda 21 ming km yo‘l, 14 ming km shag‘alli yo‘l va 325 ko‘prik yangilanadi

2030-yilgacha O‘zbekistonda 6,3 ming km yo‘llarni saqlashga xususiy sektor jalb etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni avtomobil yo‘llari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi taqdimotni ko‘rib chiqdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Tadbirda ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yilda avtoyo‘l sohasiga qariyb 40 trln so‘m ajratilib, 63 ming kilometr yo‘lda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Xorijdan jalb qilingan mablag‘lar hajmi uch barobarga oshib, 2025-yilda $1,2 mlrdga yetdi.

Yig‘ilishda yo‘l qurilishida namunaviy andozalardan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalashtirish amaliyoti joriy etilgani muhokama qilindi. Zamonaviy turdagi qoplamalar ishlab chiqilib, ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘llarning xizmat muddati 1,5 barobarga oshirildi.

Taqdimotda sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va rejalar taqdim qilindi. Avvalo, mavjud umumiy foydalanishdagi va ichki yo‘llar hamda ko‘priklarni ta’mirlash, yangilarini barpo etishda ilg‘or tajriba va jahonda o‘zini oqlagan texnologiyalardan foydalanish sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi yillarda 21 ming kilometr yo‘l qurish va ta’mirlash, 14 ming kilometr asfaltlanmagan yo‘llarga shag‘al yotqizish, 325 ko‘prikni ta’mirlash rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda og‘irligi me’yordan ortiq yuk avtomashinalarining harakatlangani oqibatida 1,8 ming kilometr yo‘l ta’mirtalab holga kelib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun o‘lchov tarozilari tarmog‘ini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hozirda 9 ta shunday tarozi o‘rnatilgan, 8 tasini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Kelgusida yana 35 ta ko‘chma va statsionar nazorat-o‘lchov maskanini tashkil etishga topshiriq berildi.

Mutasaddilarga og‘irlik va gabarit nazorati bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olgan idoralararo elektron axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, ob-havo sharoitlaridan kelib chiqib, og‘ir vaznli transport vositalari harakatlanishini mavsumiy cheklash tartibini ishlab chiqiladi.

Bugungi kunda yangi yo‘llarning 61% ini, “Tashabbusli budjet” doirasida esa ichki yo‘llarning 92% ini xususiy sektor qurmoqda. Uzoq yillar davlat monopoliyasida bo‘lgan yo‘llarni saqlash ishlari ham bosqichma-bosqich xususiy sheriklikka berilmoqda.

Bu ishlarni kengaytirib, kelgusi yilda 3 ming kilometr, 2030-yilga borib esa 6,3 ming kilometr yo‘llarni saqlashga tadbirkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan yo‘llarni to‘liq mahalliy pudratchilarga berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident sohada raqamlashtirish darajasi pastligini ta’kidladi — mavjud 59 ta xizmatdan atigi 20 tasi raqamlashtirilgan. Kelgusi yilda 28 ta xizmatni elektron shaklga o‘tkazish, intellektual transport tizimini joriy etish va 7 ta yangi elektron platformani ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Taqdimot yakunida prezident belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni topshirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
/
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi