2026-yildan dehqon va fermerlar uchun QQS bekor qilinadi

Qishloq xo‘jaligi vaziri ta'kidlashicha, bu orqali rentabellik darajasi hozirgi 5–7% dan 15% gacha oshishi mumkin

2026-yildan dehqon va fermerlar uchun QQS bekor qilinadi

Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda bu soha tarkibiy isloh qilingani, xususan, paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratilgani ma’lum qilindi. 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor tashkil etilib, $1 mlrdlik 1,5 mingta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirilgan.

Lekin, qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12% ni tashkil etmoqda.

Mazkur masala prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tarilgan. Davlat rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma bergandi.

Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, kelasi yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda QQS nol stavkada bo‘ladi.

Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.

Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 mlrd so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 mlrd so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi, ta’kidlanadi xabarda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida paxta va g‘alladan tashqari barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilinishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi 100 mingdan ortiq fermer xo‘jaligining 48 mingdan ziyodi ushbu imtiyozdan bevosita foyda ko‘radi. Bu esa ularning soliq yukini yengillashtiradi.

Prognozlarga ko‘ra, rentabellik darajasi hozirgi 5–7% dan 15% gacha oshishi mumkin. Shuningdek, “soya” iqtisodiyoti qisqaradi, chunki kichik bog‘dorchilik xo‘jaliklari sanoat parklari bilan raqobat qila olmay, eksport imkoniyatlari cheklangan edi.

Vazirning ta’kidlashicha, imtiyozlar natijasida fermer va dehqonlar ixtiyorida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan katta aylanma mablag‘ qoladi. Bu ularning manfaatdorligini oshirib, oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmining ko‘payishiga va sohaning “soya”dan chiqishiga xizmat qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi 2026-yildan QQSdan ozod etiladigan mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qiladi. Prezident esa maxsus elektron platforma orqali keshbek mablag‘larini uch kun ichida qaytarishni ta’minlash topshirig‘ini bergan.

Avvalroq O‘zbekistonda QQS ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan qator qonun loyihalari ishlab chiqilishi ma’lum qilingandi. Xususan, prezident qarori loyihasida qishloq xo‘jaligida QQSni hisoblash va qo‘llashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish taklif etilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston Xitoy–Afg‘oniston yo‘nalishida yangi tranzit yo‘lakni ishga tushirdi
/
O‘zbekiston Xitoy–Afg‘oniston yo‘nalishida yangi tranzit yo‘lakni ishga tushirdi
Korxona nomi aks etgan peshlavhalar reklama sifatida baholanmasligi mumkin
/
Korxona nomi aks etgan peshlavhalar reklama sifatida baholanmasligi mumkin
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi 2026-yil iyun oyida boshlanadi
/
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi 2026-yil iyun oyida boshlanadi