Prezident 2026-yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5% ga tushirish haqida topshiriq berdi

Shuningdek, 450 trln so‘m kredit ajratilishi, 140 trln so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi

Prezident 2026-yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5% ga tushirish haqida topshiriq berdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni mahallalarda aholi daromadini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar va 2026-yildagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil boshidan ishsizlik 4,9% ga tushdi (o‘tgan yili 5,5% bo‘lgan). Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.

Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6% gacha kamayishi kutilmoqda (o‘tgan yili 8,9% bo‘lgan). Ilk bor 1435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.

Prezident Uzun tumanini namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etdi. 51 ta mahallasi bo‘lgan tumanga joriy yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida $160 mlrd so‘m mablag‘ berilgan. Tumanga $70 mln xorijiy investitsiya olib kelindi, 47 ta korxona ishga tushirildi, 300 ta servis obyektida 1 ming nafar odam ishli bo‘ldi, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yildi, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4,2 ming nafar odam daromadli bo‘ldi. Shularning hisobiga Uzun tumanida yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5% dan 3% gacha kamaydi.

Shu bilan birga, Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan Denov tumani hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan.

Yoki Chiroqchi tumaniga joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 mlrd so‘m resurs berilgan. Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan.

Shavkat Mirziyoyev Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Z.Ergashevni ishdan olishni buyurdi.

Davlat rahbari 20 ta tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Bosh vazirga Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, davlatning arzon resursini samarasiz loyihalarga berib yuborayotgan mahalla bankirlari faoliyati tanqid qilindi. Mutasaddilarga mahallalarga tushib, loyihalar samaradorligini o‘rganish, sohada nazorat va intizomni kuchaytirish topshirildi.

Umuman, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik rejalarini bajarishdagi mas’uliyatsizlik uchun yil boshidan 261 nafar mas’ul ishdan olingan, yana 492 nafariga intizomiy jazo berilgan.

ishsizlik, kambag‘allik darajasi, шавкат мирзиёев.

Prezident kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5% dan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishini qayd etdi. 2026-yilda iqtisodiyotga 450 trln so‘m kredit ajratilishi, 140 trln so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi.

Ehtiyojmand oilalarning eng og‘ir qatlami qoldi. Bunday 400 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish uchun viloyat, tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari, bandlik, bank rahbarlari, „mahalla yettiligi“ o‘zini dunyoqarashi va ish uslubini o‘zgartirishi kerak, — dedi davlat rahbari.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
/
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi