2025-yilda yangi ofis maydonlari hajmi 60% ga qisqardi

Yil davomida ijara stavkalari o‘rtacha hisobda 7,1% ga oshdi

2025-yilda yangi ofis maydonlari hajmi 60% ga qisqardi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida ofis ko‘chmas mulk bozori bosqichma-bosqich barqarorlashuv davriga kirdi. Yangi obyektlar hajmi keskin kamayganiga qaramay, bozor mavjud taklifni singdira oldi. Bu esa vakantlik darajasining sezilarli pasayishi va ijara stavkalarining o‘sishiga olib keldi. Bu haqda Commonwealth Partnership tijorat ko‘chmas mulki sohasida investitsiya agentligi hisobotida ma’lum qilingan.

Maydonlar va bozor hajmi

2025-yil oxirida Toshkent ofis bozorining umumiy hajmi 754 429 kv.m (GBA) ni tashkil etdi. Shundan 591 217 kv.m foydali ijaraga yaroqli maydon (GLA) hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 54 635 kv.m ga yoki 10,2% ga oshdi. O‘sish to‘liq yangi ofis obyektlarining foydalanishga topshirilishi hisobiga ta’minlandi.

Yil yakunida vakant ofis maydonlari hajmi 94 859 kv.m bo‘lib, bu umumiy bozorning taxminan 16% iga teng. Taqqoslash uchun, 2024-yil oxirida vakantlik 25% (136 721 kv.m) darajasida edi. Shu tariqa, bir yil ichida vakantlik 9% punktga qisqardi.

2025-yilda qariyb 54 ming kv.m yangi ofis maydonlari foydalanishga topshirildi. Bu 2024-yilga nisbatan taxminan 60% kam ko‘rsatkichdir.

Ijara stavkalari

2025-yil oxiriga kelib, bozor bo‘yicha o‘rtacha “sof” ijara stavkalari (OpEx, QQS va kommunal to‘lovlarsiz) quyidagicha shakllandi:

  • A/A+ klass — $34,6 / kv.m (2024-yilda $34,3);
  • B/B+ klass — $27,3 / kv.m (2024-yilda $24,1).

O‘rtacha hisobda ijara stavkalari yil davomida 7,1% ga oshdi. Bunga vakantlikning qisqarishi va mulkdorlarning ijara bo‘yicha kutilmalarini qayta ko‘rib chiqishi sabab bo‘ldi.

Formatlar va klasslar

Bozor taklifida B va B+ klass ofislari ustunlik qiladi — ular umumiy GLA hajmining 69% ini egallaydi. Bu bozorning asosan o‘rta narx segmentiga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.

A va A+ klass ofislarining ulushi 22% ni tashkil etadi.

2025-yil yakuniga ko‘ra, vakant maydonlarning asosiy qismi B/B+ segmentida (51 257 kv.m) va A/A+ segmentida (41 419 kv.m) jamlangan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 56 597 kv.m va 74 744 kv.m edi. Natijada, vakantlik B/B+ segmentida 9,4%, A/A+ segmentida esa 44,6% ga kamaydi.

Xulosa

2025-yil Toshkent ofis ko‘chmas mulk bozori uchun muhim burilish davri bo‘ldi. Yangi maydonlar hajmi kamaygan sharoitda vakantlikning pasayishi barcha segmentlarda ijara stavkalarining o‘sishini ta’minladi. Eng yuqori o‘sish B/B+ segmentida (13,3%) va C segmentida (46,7%) qayd etildi.

Shu bilan birga, yangi ofis maydonlarining bozor tomonidan o‘zlashtirilishi notekis kechmoqda. Talab, avvalo, tayyor ta’mirli va markaziy hududlarda joylashgan sifatli ofislarga jamlangan. Ta’mirsiz va kamroq jozibali lokatsiyalardagi obyektlar esa sekinroq to‘ldirilmoqda va narx bosimiga duch kelmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
/
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi