2025-yilda O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari 8% ga oshdi
Ayrim hududlarda ko‘chmas mulk qiymati bir yil ichida 17% gacha qimmatlashdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘rtacha 8% ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, yil davomida ko‘chmas mulk bozoridagi umumiy faollik ham sezilarli darajada oshgan. Xususan, 12 oy ichida 295 mingta oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 15% ga ko‘paygan.
Bitimlar soni bo‘yicha eng yuqori o‘sish Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlarida qayd etilgan. Toshkent shahrida esa bir yil davomida 84 mingga yaqin bitim tuzilgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha jami savdolarning qariyb 30% ini tashkil etadi.
Uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati 2024-yildagi 6,2% ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi. Eng katta qimmatlashuv Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilib, bu hududlarda uy-joy narxlari 17% ga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori narxlar Samarqand viloyatida qayd etilib, u yerda 1 kvadrat metr uy-joy o‘rtacha $834 ni tashkil qilmoqda. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich $682 ga teng. Eng arzon uy-joylar Qoraqalpog‘istonda ($378), shuningdek Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ($454) taklif etilmoqda.
Toshkent shahrida tayyor uy-joy narxlari yil davomida nisbatan kam — atigi 0,6% ga oshib, 1 kvadrat metri $1100 ga yetdi. Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida narxlar 5% ga pasaygan.
Poytaxtdagi yangi qurilgan uy-joylar segmentida esa vaziyat boshqacha bo‘lib, bu yo‘nalishda narxlar 9% ga oshgan. Eng katta o‘sish Mirobod (18%), Yashnobod (14%) va Mirzo Ulug‘bek (13,5%) tumanlarida qayd etilgan.
Ijara bozorida ham o‘sish kuzatildi. 2025-yil oxiriga kelib Toshkent shahrida ijara haqi 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha $8,8 ni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 7% ga yuqori. Shayxontohur va Yakkasaroy kabi markaziy hududlarda esa ijara narxi $11 atrofida shakllangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ