Ekologiya vazirligi Toshkentdagi 20 ta korxona faoliyatini to‘xtatdi
Bundan tashqari, 174 ta tungi reyd tadbiri o‘tkazilib, 281 ta qonun buzilish holati aniqlandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2025-yilning 8 oyi davomida atmosfera havosi ifloslanishi bilan bog‘liq 281 ta qonunbuzarlikni aniqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida tashkil etilgan 12 ta hududiy ishchi guruh tomonidan sanoat korxonalari, issiqxonalar va atmosferaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa obyektlar faoliyati o‘rganildi. Uning natijasida 2025-yilning yanvar — avgust oylarida 1,4 ming obyekt xatlov qilindi, 174 ta tungi reyd tadbiri o‘tkazilib, 281 ta qonun buzilish holati aniqlandi. 154 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 20 ta obyekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida sudga ariza kiritildi, 179 ta qonun buzilish holati bartaraf etildi. Shuningdek, 11 ta zamonaviy qozon, 19 ta filtr va 12 ta chang tozalash uskunalari o‘rnatildi.
O‘rganishlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 388 ta, Toshkent viloyatida 845 ta, jami 1,2 mingta I va II toifa sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatib, 5, mln tonna ko‘mir va 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalaniladi. Ularning 838 tasiga (Toshkent shahrida 361 ta, Toshkent viloyatida 477 ta) filtrlar o‘rnatilgan. 7 ta IES, 9 ta issiqlik markazlarining 3 tasi to‘liq tabiiy gaz, qolgan 6 tasi tabiiy gaz va mazutdan foydalanib kelmoqda.
Shuningdek, 9 ta issiqlik markazi hamda 1 ta IES (Toshkent IES)da filtrlar mavjud bo‘lmasada, havoning keskin sovishi natijasida 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgani aniqlandi. Natijada atmosferaga tashlanma miqdori 7 ming tonnani tashkil qilgan. Qolaversa, Toshkent viloyatidagi Angren va Yangi Angren IESlar 5 mln tonna ko‘mirdan foydalanishi va 70% li filtrlardan o‘tkazilishi natijasida atmosferaga tashlanma miqdori 134,8 ming tonnani tashkil qilib, umumiy ko‘rsatkichning 18,9% iga to‘g‘ri kelgan.
Ko‘mir yoki mazutdan foydalanish atmosferaga katta zarar keltiradi. Masalan, 1 tonna ko‘mir yonganida atmoferaga 1-5 kg chang zarralari (PM2,5, PM/10) 100-300 kg gacha kul, 5 kg azot oksidi, 30 kg oltingugurt oksidi va boshqa ifloslantiruvchi moddalar ajralib chiqadi. O‘rta hisobda 4 sotix maydonga ega issiqxonani isitish uchun esa mavsum davomida 8-9 tonna ko‘mir sarflanadi.
Yuqorilardan kelib chiqib, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarini chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) bilan jihozlash bo‘yicha 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan dasturning Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga oid qismi qayta ko‘rib chiqilib, muddatlarni 2026-yil sentyabrga qadar qisqartirish choralari olib borilmoqda. Bunda issiqlik elektr stansiyalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi va mavjudlari ta’mirlanadi. Natijada samaradorlik darajasi 95-99% gacha oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ