Ohangaronda 2 tonna oltin zaxirasiga ega kon 81,8 mlrd so‘mga sotildi
12 soatdan ortiq davom etgan savdolarda taklif qilingan summa boshlang‘ich narxdan qariyb 20 barobar yuqori bo‘ldi
19-avgust kuni E-auksion platformasida Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Terekli” uchastkasida geologik tadqiqotlar o‘tkazish huquqi bo‘yicha auksion o‘tkazildi.
Savdolar qariyb 12 soat davom etib, 377 bosqichdan so‘ng yakunlandi. Natijada g‘olib kompaniya — “Toyloq Toza Hudud” bo‘lib, u 81,79 mlrd so‘m (taxminan $6,5 mln)lik taklif berdi. Bu miqdor boshlang‘ich narx (4,12 mlrd so‘m, ya’ni qariyb $330 ming)dan deyarli 20 barobar ko‘pni tashkil etdi.
“Terekli” maydoni 65 gektar bo‘lib, u Shaugaz qishlog‘idan 9,6 km janubi-sharqda joylashgan. Hududda 2 tonna oltin zaxirasi mavjudligi taxmin qilinmoqda.
Korporativ ma’lumotlarga ko‘ra, g‘olib kompaniya 2021-yil mart oyida Samarqand viloyati, Toyloq tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyati ko‘p qavatli uy-joylarni boshqarish sohasiga oid.
Kompaniyaning ustav kapitali 67,88 mlrd so‘mni tashkil etib, u to‘liq Baxtiyor Marupovga tegishli. U, shuningdek, “Afrasiab Jeans Textile”, “Puremilky Products”, “Pet Agro Oil (77,1%) hamda “Sam Plast Works” kabi bir necha boshqa korxonalarning ham ta’sischisi hisoblanadi.




Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ