O‘zbekistonda tajriba tariqasida “Yashil AI” moduli ishga tushiriladi

Shuningdek, mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish ham taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda tajriba tariqasida “Yashil AI” moduli ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda mahallalarda ekologik muhitni yaxshilash va ko‘chatlarni saqlab qolish samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, ko‘kalamzorlashtirish ishlari kengayib borayotgan bo‘lsa-da, ekilgan ko‘chatlarni saqlash, sug‘orish va parvarishlashda qator kamchiliklar mavjud. Jumladan, ayrim hududlarda iqlim va tuproq sharoitiga mos bo‘lmagan daraxtlar ekilgani, suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan joylarda ko‘chat o‘tqazilgani hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi choralar yetarli emasligi qayd etildi.

Davlat rahbari ko‘kalamzorlashtirish samaradorligini ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda yer tayyorlash, sug‘orish tizimini yaratish va ko‘chatlarni kamida uch yil parvarishlashni yagona jarayon sifatida tashkil etish taklif qilindi.

Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla uchun daraxt turlari, ekish joylari va sug‘orish tizimlari ko‘rsatilgan “yashil xarita”larni ishlab chiqib, ularni aholiga e’lon qilish topshirildi. Shuningdek, har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlar holatini muntazam kuzatish, ularning qurish sabablarini aniqlash va bartaraf etish vazifasi belgilandi.

Mahallalarga o‘rmonchi-murabbiy biriktiriladi

“Yashil” mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish taklif qilindi. Unga ko‘ra, mahalla buyurtmasi asosida sifatli ko‘chatlar, organik o‘g‘it va suv tejovchi sug‘orish vositalari yetkazib beriladi. Daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktirilib, aholiga ko‘chat ekish, sug‘orish va parvarishlashni o‘rgatish ko‘zda tutilgan. Uylar, maktab va bog‘chalar oralig‘ida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bog‘larini barpo etishga mahalla faollari va yoshlar ko‘ngillilarini jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish ham taklif qilindi. Unda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning tutib ketishi va aholining ishtiroki asosiy mezonlar bo‘ladi. Yuqori natija ko‘rsatgan mahallalarni qo‘shimcha mablag‘ va “yashil” loyihalar uchun maqsadli mikrograntlar bilan rag‘batlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi.

“3-30-300” tamoyili joriy etilishi mumkin

Hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda “3-30-300” tamoyiliga asoslangan dasturlarni amalga oshirish taklif etildi. Unga ko‘ra, har bir inson yashash, ishlash yoki o‘qish joyidan kamida uchta daraxtni ko‘ra olishi, yashash hududining kamida 30%i daraxtlar soyasi bilan qoplanishi va uyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi kerak.

Ushbu yondashuv bo‘yicha Toshkent shahrining Yangihayot, Buxoro viloyatining Olot va Samarqand viloyatining Urgut tumanlari uchun loyihalar taqdim etildi.

Yangihayotda mahalla va jamoat bog‘lari, soya-salqin sayr ko‘chalari hamda sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar yaratish rejalashtirilmoqda. Olotda suvni kam talab qiladigan o‘simliklardan foydalanish, mahalliy ko‘chatchilikni rivojlantirish va yo‘l hamda kanallar bo‘yida himoya daraxtzorlarini barpo etish taklif qilindi.

Urgutda esa tog‘ va tog‘oldi hududlariga mos ko‘kalamzorlashtirish, dendrologiya bog‘i va jamoat parklarini tashkil etish, sanoat zonasi hamda temir yo‘l atrofida “yashil belbog‘”lar yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Ko‘kalamzorlashtirishda sun’iy intellektdan foydalaniladi

Taqdimotda ko‘chatlarni ko‘paytirish uchun “in-vitro” laboratoriyalari va zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etish taklifi ham bildirildi. Suvni ko‘p talab qiladigan manzarali gazonlarni bosqichma-bosqich qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bilan almashtirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Sun’iy intellekt yordamida tuproq, iqlim va suv ta’minoti tahlil qilinib, ko‘chat ekish uchun mos maydonlar va daraxt turlari bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Tizim ko‘chatlarning qurishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlash hamda mas’ullarni ogohlantirish imkonini beradi. Natijalarni yagona xaritada kuzatish imkoniyati ham yaratiladi.

Bundan tashqari, cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va xalqaro grantlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. 2027-yil 1-iyulga qadar har bir hududda cho‘l hududlaridagi yer resurslari va dorivor o‘simliklardan samarali foydalanishga qaratilgan namunaviy loyihani ishga tushirish topshirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Saida Mirziyoyeva BMT qarorgohida Antoniu Guterrish bilan uchrashdi
/
Saida Mirziyoyeva BMT qarorgohida Antoniu Guterrish bilan uchrashdi
Ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga talab $44,3 mlrdga yetdi
/
Ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga talab $44,3 mlrdga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi