O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $57,4 mlrdga yetdi
Import 16,3% ga oshib, $34,5 mlrdni tashkil etdi, oltin hisobga olinmagan eksport esa 28,7% ga ko‘paydi
2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $57,4 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $4 mlrd yoki 7,6% ga ko‘p. Bu haqda Statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Hisobot davrida eksport hajmi $22,9 mlrdni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 3,4% ga kamaygan. Import esa $34,5 mlrdga yetib, 16,3% ga oshgan. Natijada tashqi savdo balansida $11,7 mlrdlik manfiy saldo shakllangan.
Shu bilan birga, oltin hisobga olinmaganda tovarlar eksporti sezilarli darajada oshgan. Yanvar–avgust oylarida ushbu ko‘rsatkich $11,5 mlrdni tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 28,7% ga ko‘paygan.
Savdoda Xitoy va Rossiyaning ulushi yuqori
O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida asosiy hamkorlar qatorida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Afg‘oniston qayd etilgan.
2026-yilning yanvar–avgust oylarida Xitoy bilan tashqi savdo hajmi $13,18 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davridagi $10,12 mlrdga nisbatan qariyb 30% ga ko‘p. Xitoyning O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 23%ni tashkil etdi.
Rossiya bilan savdo hajmi $9,19 mlrdga yetdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich $8,38 mlrd bo‘lgan. Rossiyaning ulushi **16%**ni tashkil etdi.
Qozog‘iston bilan tashqi savdo aylanmasi $3,74 mlrdga yetib, bir yilda 23,4% ga oshgan. Uning umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 6,5% bo‘lgan.
Turkiya bilan savdo hajmi $1,94 mlrd, Afg‘oniston bilan esa $1,42 mlrdni tashkil etgan. Ularning ulushi mos ravishda 3,4% va 2,5% ga teng.
Ayrim davlatlar bilan savdo tez sur’atlarda oshgan
Hisobot davrida O‘zbekistonning ayrim savdo hamkorlari bilan aylanmasida yuqori o‘sish qayd etilgan.
Jumladan, BAA bilan tashqi savdo hajmi 2025-yildagi $827,4 mln dan $1,18 mlrdga, Qirg‘iziston bilan $600,8 mln dan $908,4 mlnga, Tojikiston bilan $471,2 mln dan $686,3 mlnga oshgan.
Vetnam bilan savdo hajmi $189,2 mln dan $341,5 mlnga yetgan. Gonkong bilan tashqi savdo esa $93,9 mln dan $980,1 mlnga ko‘tarilgan.
Shuningdek, AQSh bilan savdo $810,4 mln, Fransiya bilan $1,19 mlrd, Eron bilan $430,7 mln, Italiya bilan $345,1 mlnni tashkil qilgan.
Eksport tarkibida tovarlar 62,6% ulushga ega bo‘lgan. Shundan sanoat tovarlari 14,7%, turli tayyor mahsulotlar 9,1%, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar 7,8%, kimyoviy moddalar va shu kabi mahsulotlar 7,8%ni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ